Yangi ko‘prik nega qulash darajasiga keldi?
Oqdaryo daryosi ustidan qurilgan, Oqdaryo va Jomboy tumanlarini bog‘lovchi ko‘prik avariya holatga kelib qolgan.
Holat O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyat kengashi, deputatlar, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan jamoatchilik monitoringida aniqlandi.
Ushbu ko‘prik 2023 yil viloyat avtomobil yo‘llaridan foydalanish bosh boshqarmasiga qarashli Samarqand yo‘llardan muntazam foydalanish korxonasi davlat muassasasi tomonidan 3 milliard 800 million so‘m mablag‘ evaziga qurilib, foydalanishga topshirilgan.
Soha mutaxassislarining ta’kidlashicha, davlat rahbarining tegishli qaroriga asosan, daryo va o‘zanlardan qum, shag‘al aralashmasini qazib olishga moratoriy joriy etilgan. Biroq daryoning ko‘prikdan quyi qismida joylashgan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan noqonuniy ravishda qum, shag‘al qazib olinayotgani sababli, daryo suvi ko‘prikning o‘zan qismiga jiddiy shikast yetkazgan. Oqibatda ko‘prikning ostki qismi muallaq bo‘lib qolgan. Tutib turuvchi asosiy qoziqlar atrofi ochilib qolgan.
Soha mutaxassislarining bildirishicha, bugungi kunda ko‘prikning asos qismiga yetkazilayotgan zararni kamaytirish maqsadida daryo suvi to‘xtatilgan. Oqdaryo ustidagi ko‘prikda yuzaga kelgan avariya holatini bartaraf etish uchun uning quyi qismida damba qurish va tegishli tartibda rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish talab etiladi. Aks holda foydalanishga topshirilganiga hali ikki yil ham bo‘lmagan Oqdaryo va Jomboy tumanlarini Samarqand shahri bilan bog‘lovchi ko‘prik qulab tushishi mumkin.
Baxtiyor Abdullayev, viloyat partiya tashkiloti raisi, viloyat Kengashi deputati.