Qurilayotgan ko‘prikning qulashiga nima sabab bo‘ldi?

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatining Davlatobod tumanidagi Shimoliy Farg‘ona kanali ustida qurilayotgan ko‘prik qulab tushgani haqida xabarlar tarqaldi.

Ushbu holat yuzasidan Namangan viloyati hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur hodisa bugun, 8 yanvar kuni soat 11:00  atrofida ro‘y bergan. Buning oqibatida qurbonlar yoki jabrlanganlar bo‘lmagan.

  Uzunligi 37 metr, eni 3 metr bo‘lgan va piyodalar qatnovi uchun mo‘ljallangan ko‘prik mahalliy tadbirkor tomonidan “O‘n bir Ahmad” ziyoratgohiga keluvchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida barpo etilayotgan bo‘lgan. Buning uchun davlat byudjetidan mablag‘ sarflanmagan.

Tadbirkor Ma’rufxon Hojixonovning aytishicha, bu ishga yaqinda 90 yoshida qazo qilgan otasining vasiyatini amalga oshirish uchun kirishgan. Havo harorati pasayib, kanaldagi suv oqimi ko‘paygani sababli ko‘prikning montaj ishlari to‘liq yakunlanmagan, ikki tomoniga yana tros va temir o‘rnatiladi.