Namangandan Urgutga 64 million so‘mlik piroxnika vositalari sotish uchun olib kelgan shaxs qo‘lga olindi

Bu holat Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi, IIB hamda Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida Urgut tumani hududida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida aniqlandi.

Tadbir davomida 1990 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan fuqaro X.A. telegram ijtimoiy tarmog‘idagi “Yuk markazi” nomli guruhdan og‘zaki kelishuv asosida “ISUZI” rusumli yuk avtomashinasi haydovchisini jalb qilib, Namangan shahrida joylashgan xonadondan 3 360 quti “Treniya” nomli va 960 quti “Britanik” nomli, umumiy bahosi 64 800 000 so‘m qiymatdagi pirotexnika vositalarini Urgut tumaniga olib kelgan. Bu vositalarni Urgutda sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Oliy ma’lumotli, 3 nafar farzandning otasi bo‘lishiga qaramasdan bolalar hayotiga xavf soluvchi vositalarni sotgan X.A.ga nisbatan hozirda Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Noqonuniy, buning ustiga farzandlarimiz uchun xavf tug‘dirishdan boshqa narsaga yaramaydigan ish bilan shug‘ullanib kelayotgan bu kabi kimsalar qilmishlarini yashirishga qanchalik urinmasin, fosh bo‘lmay qolmaydi.