Koronavirus tufayli vafot etgan onaxonni yaqinlari so‘nggi manzilga kuzata olmadi

Namangan viloyati hokimi Xayrulla Bozorov mahalliy televideniya orqali viloyatdagi epidemik holat hamda koronavirusga chalingan 72 yoshli ayol o‘limi haqida chiqish qildi.

- Viloyatimizda koronavirusga chalinganlar soni oltitani tashkil qilmoqda, - dedi afsus bilan viloyat hokimi. - Turkiya davlatidan, Saudiya Arabistonidan Umra hajini amalga oshirib kelgan fuqarolarimizni tekshirish jarayonida bitta oiladan 5 kishi, yana bir oiladan bir kishida - jami olti kishida ushbu kasallik alomatlari aniqlandi. Eng achinarlisi, ularning bir nafari - 72 yoshli onaxonimiz ushbu virus natijasida olamdan o‘tdilar.
Hozirda ayolning barcha qarindoshlari karantinga olingan. Ularning birontasi 72 yashar onaxonning dafn marosimida ishtirok eta olmadi. Onaxonni maxsus sanitariya-epidemiologiya nazorati xodimlari dafn etishdi.

"Mana sizga natija. Birinchidan, kasallikning yuqishi, ikkinchidan o‘lim holati, uchinchidan, onaxonni so‘nggi manzilga uning oila a’zolari kuzatmagani. Men o‘ylaymanki, bu Namangan aholisiga juda qattiq ta’sir qildi. Shaxsan menga bu juda og‘ir botdi", dedi hokim.

Viloyat hokimi yana bir bor aholini ogohlikka chaqirib, uyda o‘tirib shifokorlarning bergan tavsiyalariga to‘liq amal qilishni so‘radi.