Jar yoqasidagi yo‘l yoxud ishtixonlik mas’ullar fuqaro murojaatiga nega mas’uliyatsizlik bilan yondashyapti?
Ishtixon tumani Chimqo‘rg‘on mahallasidan o‘tuvchi soy ustidagi ko‘prik buzilgan. Uni ta’mirlashga esa katta mablag‘ kerak. Buni tushunish mumkin, ammo...
Yuqori chimqo‘rg‘onlik o‘quvchilar maktabga borishi uchun yana birgina yo‘l bor. Buning uchun qo‘shni Qo‘shrabot tumani Qiyqim mahallasi orqali 5-6 kilometr masofani bosib o‘tishsa bo‘lgani, maktabga yetib olishadi. Shu yo‘lning 130 metr qismi ham mas’ullar e’tiboriga muhtoj. Sel oqibatida hosil bo‘lgan katta jarlik nafaqat bolalar, balki kattalar, hatto avtoulovlar harakati uchun ham juda xavfli. Yana bir marta sel kelsa, bu yo‘ldan ham yurib bo‘lmasligi mumkin.
Bu masala shu qishloqda yashovchi Nuriddin Yahyoyevdan kelgan shikoyat xati asosida o‘rganilib, gazetamizning 2020 yil 26 sentyabrdagi 108-sonida “Sel kelsa chimqo‘rg‘onliklar yo‘lsiz qoladi(mi?)” sarlavhali maqola hamda shu yilning 28 sentyabrida Zarnews.uz telegram kanalimiz orqali videolavha berilgan edi. O‘sha paytda tuman hokimi o‘rinbosari Umid Islomov jar yoqasidagi yo‘l masalasini ikki-uch kun ichida favqulodda vaziyatlar bo‘limi vakillari va mas’ul mutaxassislardan iborat ishchi guruh bilan joyiga borib o‘rganishini, muammoning yechimini topishga harakat qilishini aytgan edi.
Yaqinda tahririyatimizga Nuriddin Yahyoyevdan yana murojaat keldi. U kishining yozishicha, oradan ikki-uch kun emas, ikki-uch oy o‘tibdi hamki hokim o‘rinbosari va mutasaddilardan darak bo‘lmagan. U viloyat hokimining shu yil 12 sentyabr kuni Payariq tumanida, 3 oktyabr kuni esa Qo‘shrabot tumanida o‘tkazgan sayyor qabulida ham shu masala bo‘yicha murojaat qilgan. Mutasaddilar esa “shug‘ullanamiz, ko‘rib chiqamiz, bajaramiz”dan nariga o‘tmayapti.
Ishtixon tumani hokimligi mas’ullari fuqaro tomonidan viloyat hokimiga qilingan murojaatni o‘rganish va muammoni hal etishga nega mas’uliyatsizlik bilan qarayapti? Qolaversa, ommaviy axborot vositalari yoki ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan maqolaga munosabat bildirmasligini qanday tushunish mumkin?
To‘g‘ri, ayrim muammolarni bartaraf etish uchun muddat va katta mablag‘ talab qilinadi. Yuqori Chimqo‘rg‘ondagi buzilgan ko‘prik qaysidir bir dasturga tushishini kutib yotar. Biroq qishloqdagi jar va uning yoqasidagi yo‘lning dasturlarni kutishga “sabri chidamaydi”. Yana takrorlashga to‘g‘ri keladi: bir marta sel kelsa Yuqori chimqo‘rg‘onliklar yo‘lsiz qolishi shubhasiz. O‘ylaymizki, mas’ullar bundan to‘g‘ri xulosa chiqarib, xalq dardini his qilib, muammoga yechim topadi.
To‘lqin SIDDIQOV.