"Pakistanmas, O‘zbekiston!"

Bundan 7-8 yil oldin yaponlarga O‘zbekiston desangiz, "Pakistan", "Qayerda joylashgan?" deb talmovsirab qolishar edi. "Bular geografiyani ham bilmaydimi?" deb tepa sochim tikka bo‘lardi.

Ammo bir narsani ishonch bilan ayta olamanki, oxirgi yillarda yaponlar O‘zbekistonni yaxshi biladigan, yaxshi ko‘radigan bo‘lishdi. Bitta-ikkita Tanaka-panakasini hisobga olmasangiz, bugun O‘zbekistonni otni qashqasidek taniydi. Buning uchun hissasi qo‘shilgan barcha aslzoda vatandoshlarimizga tashakkur! Aslzoda Prezidentimizga tashakkur!

Shu desangiz, bugun Yaponiya O‘zbekiston nafasi, O‘zbekiston shukuhi bilan yashadi. Negaki, dunyodagi eng mashhur ShIBUYa chorrahasida O‘zbekiston haqida roliklar tinimisiz qo‘yildi. Tokio deganda butun dunyoning ko‘z o‘ngida gavdalanadigan TOKIO TELEMINORASI O‘zbekiston bayrog‘ining ranglariga burkandi. Yaponiyadagi eng mashhur gazetalar, eng mashhur kanallar, qo‘yingki, hamma joyda O‘zbekistonni yoritishdi.

Yapon hamkasblarga "Sizlar O‘zbekistonni hani-huni deb o‘ylaganmidinglar?" deb g‘ururlanib gapirib qo‘ydim. Siz ushbu xabarni shunchaki "Ha, Yaponiyaga tashrif bo‘lipti-da", deb o‘qishingiz mumkin. Ammo Yaponiyada "Cherechchur-chereznemogu" katta tashrif, katta siyosiy bayram deb kutib olishyapti. Yapon tomoni "O‘zbekiston bilan katta loyihalar qilish istagida" ekanligini yashirishmayapti. Umid qilamizki, bu tashrif xalqimiz uchun katta manfaat keltiradi.

Endi, buyog‘ini eshiting. Bizning qishloqdagi Mardonni nokaut qilamiz. Yaponiyadagi biz, vatandoshlar Prezidentimizning kelishlarini o‘ta xursandchilik bilan kutdik. Prezidentimizning mashinalari manzilga keldi. 8 soat samolyotda, bir necha soat yo‘lda yurib charchaganlariga qaramay biz bilan 1 soatga yaqin tik oyoqda gaplashdilar. Qoyilotun qoyilun, deb yubordim. Men samolyotda 8 soat uchsam, 3 kun charchog‘im chiqmaydi...

Prezidentimiz mashinadan tushib kelib vatandoshlarimiz bilan salomlashdilar. Men ham Prezidentimiz bilan qo‘l berib ko‘rishib, ozgina suhbat qurish baxtiga ham muyassar bo‘ldim. Bu xursandchilikni siz aslzodalar bilan bo‘lishmasam bo‘lmas deb rasm ham tushib oldim.

Shunaqa gaplar, aslzodalar. Mana shunday tashriflar, kelishuvlar, harakatlar bo‘lsa, yaqin kelajakda O‘zbekistonimiz manaman degan rivojlangan davlatlar qatorida bo‘ladi. Men bunga ishonaman!

Bahodir NIPPONIY (Bahodir Iskandarov).