Qudachilik va kibr

Bu dang‘illama hovlida bugun beshikto‘y. Sobir aka kenja – to‘rtinchi qizi O‘g‘iloyning ikkinchi o‘g‘liga beshikto‘y qilyapti.

Sobir aka qizini qishloqdoshi Murodboyning o‘g‘liga bergan. Murod aka Sobir akadan to‘rt yosh kichik. O‘ziga to‘q, tegirmoni, objuvozi bor. Ikkita “Damas”ini ijaraga berib qo‘ygan. Oldin ismi Murodjon edi, keyin Murodboyga o‘zgardi. Yo‘q, o‘zi o‘zgartirgani yo‘q, odamlar shunday chaqiradigan bo‘ldi. Oldiniga sal o‘ng‘aysizlandi-yu, keyin o‘rganib qoldi. Bora-bora bunday erkalab chaqirishlar, o‘zi tengi va ba’zan hatto o‘zidan kattalarning ham “aka”lab gapirishlari xush yoqadigan bo‘ldi.

Sobir aka hozir mana shu boyvachcha qudasi va quda tomondagi qarindosh-urug‘lar bilan darvoza oldida qo‘l qovushtirib turibdi. Mahalla ahli oshga aytilgan, kutishyapti.

– Hoy bollar, suving issiqmi, sochiqlaring tayyormi? Tezlash, chollar kelyapti, – deb baqirdi katta-katta qadamlar bilan yaqinlashib kelgan Zokir baqiroq. Keyin manziratda turganlar bilan qo‘shqo‘llab, tez-tez so‘rashib chiqdi.

Hamma harakatga tushib qoldi, kimdir sal oldinroqqa yurib, uchko‘chadan burilgan chollarga nazar tashladi, so‘ng:

– Qani, hamma narsa tayyormi, kep qolishibdi, – dedi.

Biroq bu galgi “bo‘l-bo‘l”ga unchalik e’tibor berilmadi.

– Qo‘y qani, Elmurod, tez opchiq, manavi ustunga boyla, – deb buyurdi Murod aka.

Yigit o‘rtacha semizlikdagi qo‘chqorni olib kelib, so‘ritok ustuniga boyladi. Sobir akaning yuragi “shig‘” etdi. Qandaydir bir noxushlikni sezdi. Bu orada chollar yetib keldi. Ularning ortidan ikki qudaning tengdoshlaridan iborat guruh ham mayda qadam bilan ergashib kelardi.

– Salom alayku-um, xush kepsizlar-xush kepsizlar. Qani, ichkariga. Mulla buva, qo‘lni yuvdirvorasizlar. Qani, yigitlar, chaqqon-chaqqon, – dedi Murod aka mulozamat bilan. Biroz tin olgach, so‘zlarini tantanali ohangda davom ettirdi:

– Manavi qo‘yni ko‘ryapsizlarmi? Qo‘ymisan-qo‘y. Sovliq emas, qo‘chqor. Rostakam qo‘chqor. Qudamiz beshikto‘yga atabdilar. Atamasalar ham bo‘lar edi-yu, lekin atabdilar.

Oraga sovuq jimlik cho‘kdi. Sobir aka boshini quyi eggancha, nafas yutmay turar, mahalladoshlar bir-biriga qarab hayron, kimlardir ma’noli ko‘z urishtirar, orada labining bir tarafi bilan iljayganlar ham bor edi.

– Sobirjon baraka topsin, – deb gap boshladi chollardan biri. – To‘rtta qizdi oq yuvib-oq tarab o‘stirdi. Halol mehnati bilan boqdi. Uchta qizdi kamolga yetkazgan jannati bo‘ladi. To‘yga atab qo‘y beribdi, yana baraka topsin. Bu qo‘ydi sotvormang, Murodjon, boqing. Barakasini ko‘rasiz. Katagingizga qo‘y sig‘may ketadi. Ha, balli, kam bo‘lmanglar, ishqilib. Xo‘sh, biz qaysi tomonga yuraylik?

Boboyning gapi Murodboyga yoqmadi. Iltifotsiz eshitdi.

– Qani, yuraveringlar. Chollarni ichkariga, mehmonxonaga olinglar. Yoshlar hovliga, stol-stulga, – dedi Murodboy. Keyin yon-veridagilarni chorladi. Sobir akani ham taklif qildi: – Siz ham yuring, quda.

– Sizlar bemalol, biz keyinroq, – dedi Sobir aka yerdan ko‘z uzmay. Murodboy ortiq undamadi. Sobir akaning ko‘ksi o‘t bo‘lib yonar, boshi tinimsiz g‘uvillar edi. Hozir borib Murodboyning yuziga tupurgisi, g‘azabini sochgisi kelardi. Lekin dami chiqmas, ichida: “Nega meni buncha qiynading, nega menga qiz berding, ey Xudo!” deya qayta-qayta tavallo qilardi, xolos.

Orif TOLIB.