Samarqandda tish implantatsiyasi jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi
Viloyat stomatologiya poliklinikasida “Murakkab tish implantatsiyasi jarrohlik amaliyotining zamonaviy usullari” mavzusida o‘quv-seminar o‘tkazildi.
Samarqand davlat tibbiyot instituti, viloyat stomatologiya poliklinikasi va Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda stomatologiya poliklinikalarida faoliyat olib borayotgan yuz-jag‘ jarrohlari va implantologlari, magistratura yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etdi. Toshkent stomatologiya instituti bolalar yuz-jag‘ jarrohligi kafedrasi professori Sh.Shokirov va “Sergo-Dental” klinikasi implantologi H.Razzoqovlar mavzu yuzasidan ma’ruza qildi.
- Murakkab holatda tish implantini ekish va sun’iy suyak hosil qilish amaliyoti bilan 15 yildan beri shug‘ullanib kelamiz, - deydi H.Razzoqov. – Keyingi yillarda mamlakatimiz poytaxtida amalga oshirilayotgan bu murakkab jarrohlik amaliyotlarini viloyatlarda ham o‘tkazish bo‘yicha rejalar ishlab chiqilgan. Bugun tibbiyot sohasida yaxshi ko‘rsatkichlarga erishayotgan Samarqand viloyatida o‘tkazilayotgan o‘quv-seminarining maqsadi shu soha mutaxassislarining malakasini oshirish, o‘zaro tajriba almashishga qaratilgan. Bu zamonaviy amaliyotning avvalgi tish qo‘yish usullaridan farqli jihatlari ko‘p. Asosiysi, inson jag‘iga tish implantini o‘rnatishda sog‘lom tishlarga hech qanday ta’siri yo‘q. Agar operatsiya jarayonlari shu yerda o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilsa, inson salomatligi uchun zarur bo‘lgan tishlar uzoq vaqt xizmat qilishiga, bemorlarning vaqti hamda mablag‘i tejalishiga erishilgan bo‘lardi.
Tadbir doirasida tinglovchilar uchun tish implantatsiyasi jarrohlik amaliyoti bo‘yicha master-klass tashkil etildi. Seminar o‘tkazilgan zaldagi monitor orqali operatsiya blokida amalga oshirilgan jarrohlik amaliyoti jarayonini ishtirokchilar onlayn tarzda kuzatib bordi.
To‘lqin SIDDIQOV.