Italiyalik professor tish qo‘yishdagi innovatsion usullardan saboq berdi
Xalqaro stomatologlar Kongressida ishtirok etgan MegaGen xalqaro ta’lim va klinik tadqiqotlar tarmog‘ining italiyalik professori Diyego Lops O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Samarqand shahar markaziy shifoxonasida tibbiyotning stomatologiya yo‘nalishi rivoji uchun o‘z hissasini qo‘shish niyatini bildirgan professor ishtirokida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.
Respublikamizning Samarqand, Andijon, Toshkent, Navoiy, Qashqadaryo, Surxandaryo viloyatlarida faoliyat yuritayotgan stomatologlar, yuz-jag‘ jarrohlari, implantologlar ishtirok etgan seminarda Italiyaning Milan universiteti professori Diyego Lops butun dunyo implantatsiya sohasida ishlatilib kelinayotgan “AnyRidge”, “AnyOne” so‘nggi avlod tish implantlari bo‘yicha fikrlarini bildirdi. Implantatsiya amaliyotida estetika, yuz-jag‘ jarrohligida zamonaviy usullar, ularni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha mahorat saboqlari o‘tkazdi.
– Tish qo‘yish, ekish kabi amaliyotlarda zamonaviy tajribalar sog‘lom tishlarga tegmasdan, bu vazifani kosmetik tarzda bajarishni taqozo qiladi, - deydi Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi yuz-jag‘ jarrohligi bo‘limi jarrohi Alisher Ahrorov. - Bunday innovatsion texnologiyalardan foydalanish, uni qo‘llay bilishda xorijlik hamkasbimizning tajribalari muhim ahamiyatga ega.
Mahorat darslari davomida ishtirokchilarga ushbu usullar onlayn tarzda ko‘rsatib berildi.
G.MO‘MINOVA.