Samarqandda BMT Iqlim bo‘yicha mintaqaviy yoshlar konferensiyasi boshlandi
Samarqand shahrida «Iqlim va suv resurslarini boshqarishda mintaqa yoshlarining o‘rni» mavzusida BMT Iqlim bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy yoshlar konferensiyasi — RCOY Central Asia 2026 o‘z ishini boshladi.
Uch kun davom etadigan konferensiyada Markaziy Osiyo va qo‘shni mamlakatdan kelgan 100 nafardan ortiq yoshlar, ekspertlar, xalqaro tashkilotlar va davlat idoralari vakillarini bir maydonga jamladi.
Konferensiyaning birinchi kuni ishtirokchilarning salohiyatini oshirish, iqlim o‘zgarishi va suv resurslarini boshqarish sohasidagi zamonaviy tendensiyalar bilan tanishish hamda mintaqaviy yoshlar bayonotini tayyorlashga bag‘ishlandi.
Tadbir doirasida Markaziy Osiyodagi iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq so‘nggi ilmiy ma’lumotlar, global iqlim siyosati, mintaqaviy suv boshqaruvi va suv xavfsizligi masalalari muhokama qilinmoqda.

- Ushbu konferensiya Yevropa mamlakatlarida bir necha bor, Markaziy Osiyoda esa uchinchi marta tashkil etilmoqda, - deydi Yoshlar ishlari agentligi xalqaro hamkorlik va reytinglar bo‘limi bosh mutaxassisi Yahyo Mustafoqulov. - Anjuman Markaziy Osiyo yoshlarining iqlim o‘zgarishi va suv xavfsizligi kabi umummintaqaviy muammolarni hal etish borasidagi ovozini birlashtirish, ularning taklif va tashabbuslarini xalqaro iqlim muloqotlariga olib chiqish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbir davomida yoshlar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar umumlashtirilib, shu yilning noyabr oyida BMT tomonidan Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tkaziladigan navbatdagi xalqaro iqlim konferensiyasida taqdim etiladi. Eng ilg‘or va amaliy ahamiyatga ega tashabbuslar esa xalqaro tajriba sifatida amaliyotga tatbiq etilishi ko‘zda tutilgan.
Anjuman doirasida ishtirokchilar uchun siyosiy faollik va targ‘ibot strategiyalari, loyihalarni amalga oshirish uchun mablag‘ jalb qilish hamda manfaatdor tomonlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan maxsus treninglar tashkil etiladi.
Konferensiyaning ikkinchi kunida mintaqaviy yoshlar bayonotini muhokama qilish va yakuniy shaklga keltirish rejalashtirilgan. Unda oltita tematik ishchi guruh iqlim o‘zgarishi va suv resurslaridan oqilona foydalanish bilan bog‘liq dolzarb masalalar yuzasidan o‘z taklif va tashabbuslarini ishlab chiqadi.
Tadbirning so‘nggi kunida esa ishtirokchilarning Zarafshon milliy tabiat bog‘iga sayohati tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.