Sut tishlarini davolash kerakmi?

Sut tishini davolash, hatto doimiy tishni davolashdan muhimroq. Nega deysizmi? Unda e’tibor bering:

- bolada doimiy tishlarning chiqishi, tishlovning to‘g‘ri rivojlanishi, sut tishlarning sog‘ va o‘z vaqtida almashinuviga bog‘liq.

- sut tishlarning to‘liq bo‘lishi jag‘ shaklining to‘g‘ri rivojlanishini ta’minlaydi. Agar ular kariyes natijasida tushsa yoki uziladigan bo‘lsa, bola jag‘i noto‘g‘ri  shakllanadi. 

- sut tishlarning vaqtidan oldin tushishi esa noto‘g‘ri  tishlovning rivojlanishiga olib keladi.

- sut tishlaridagi kariyes yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ya’ni, tish ildizi sohasida kista vujudga kelish ehtimoli bor. Bu esa o‘z navbatida keyinchalik chiqadigan doimiy tish kurtagini zararlantirishi aniq.

Sut tishlarida kariyesning paydo bo‘lishi og‘iz bo‘shlig‘i gigiyenasining buzilishidan, oziq tarkibida minerallarning yetishmovchiligidan hamda tish pastasidan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida kelib chiqadi. Bolalarga 1,5 yoshdan boshlab ovqat iste’mol qilgandan keyin og‘izni chayishni, 2-3 yoshdan boshlab mustaqil tish cho‘tkasidan foydalanishini o‘rgatish lozim. Erta uzilgan birinchi sut tishi bolaga doimiy tishi chiqquniga qadar ovqat yeyishda qiyinchilik tug‘diradi. Yaxshi maydalanmagan oziq bola ovqat hazm qilish organlariga salbiy ta’sir etadi. Sut tishlari doimiy tishlar chiqqunicha o‘z vazifasini bajarishi shart.

Sherbek IBODILLAYEV, Samarqand davlat tibbiyot instituti stomatologiya fakulteti talabasi.