Elektrchilar o‘z ishlarini nechog‘li mahorat bilan bajarishadi?

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filialining o‘quv-mashg‘ulotlar poligonida “Kasb mahorati” musobaqasining respublika bosqichi o‘tkazilmoqda.
Uch kun davom etadigan bellashuvlarda respublikamizning barcha viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining taqsimlovchi tarmoqlar qurilmalarini ta’mirlash bo‘yicha ustalari, dispetcher, taqsimlovchi tarmoqlar qurilmalariga xizmat ko‘rsatuvchi elektromontyorlardan iborat 14 ta jamoa o‘z bilim va tajribalarini sinovdan o‘tkazmoqda.
Tadbirda “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi rahbarlari musobaqa xodimlarining mehnatni muhofaza qilish, ish jarayonida xavfsizlik texnikasi qoidalariga qat’iy amal qilish, baxtsiz hodisalarning oldini olish muhim omil ekanligini ta’kidlab o‘tishdi.
Musobaqa ishtirokchilari shartli elektr qurilmasida yuzaga kelgan yong‘inni o‘chirish, nosozlikni bartaraf etish, jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish kabi murakkab va hayotiy vazifalarni bajarishda o‘z malakalarini amaliyotda ko‘rsatib beradi. Shuningdek, ular nafaqat kasbiy mahoratda, balki huquqiy va siyosiy savodxonlik hamda xavfsizlik qoidalari bilish borasida ham sinovdan o‘tadi.