Ruxsatsiz ko‘cha va yo‘laklarni qazish jarima to‘lanishiga sabab bo‘ladi
Kecha, 3 may kuni telegram kanalimizda Samarqand shahri Gulobod ko‘chasida shahar elektr ta’minoti korxonasi xodimlari tomonidan yer kavlash ishlari olib borilganligi, ammo o‘n kundan buyon ko‘cha avvalgi holatiga keltirilmayotganligi xususida murojaat e’lon qilgan edik.
Murojaatda ko‘tarilgan muammo yuzasidan “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Samarqand hududiy filiali hamda Samarqand shahar hokimligi axborot xizmatlari javob yo‘lladi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Samarqand hududiy filiali ma’lumotida aytilishicha, murojaatda keltirib o‘tilgan manzilda «Chashma» podstansiyasidan chiquvchi 393-fiderning 6 kV yer osti kabel tarmoqlari o‘tkazilgan. Mazkur yer osti kabel tarmog‘ining ayrim qismida nosozliklar kuzatilgan.
"Ayni paytda elektr ta’minoti korxonasi xodimlari tomonidan ushbu tarmoqning boshqa qismlarida ham montaj ishlari olib borilmoqda. Shu sababli belgilangan ishlar yakunlangach, tez kunlarda Gulobod ko‘chasida holat ham to‘liq bartaraf etilishini ma’lum qilamiz", deyiladi xabarda.
***
Mazkur holat bo‘yicha Samarqand shahar hokimligi axborot xizmati quyidagilar ma’lumotni taqdim etdi:
"Xabarda aytilgan holat tezda joyiga borib o‘rganildi va haqiqatan ham hududda elektr energiyasida uzilish bo‘lganligi hamda muammoni bartaraf etish ishlari ko‘chani kavlab amalga oshirilishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi.
Biroq ishlarni tashkil etish belgilangan talablar asosida olib borilmaganligi sababli mutasaddi tashkilotlar tomonidan noqonuniy xatti-harakatlarni amalga oshirganlarga nisbatan tegishli tartibda dalolatnoma tuzilib, chora ko‘rildi.
Ayni paytda ishlar yakunlanish arafasida va kun yakuniga qadar muammo to‘liq bartaraf etiladi va ko‘chaning qazilgan qismiga asfalt yotqiziladi".