“Svetingiz bo‘lmasa o‘zingiz ishlab chiqaring, ayb o‘zingizda”: Samarqand elektr tarmoqlari mansabdori elektrdan shikoyat qilgan fuqaroga shunday javob berdi
O‘tgan hafta havoning biroz aynishi ortidan viloyatning ayrim hududlarida elektr ta’minotida uzilishlar ro‘y berdi. Holat ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarning turli postlariga sabab bo‘ldi. Ularning ba’zilarida elektr ta’minotidagi muammolar muhokamasi fuqaro va elektr ta’minoti mutasaddilarining o‘ziga xos aytishuviga ham sabab bo‘ldi.
Jumladan, feysbuk foydalanuvchisi Yu.Sh.ning elektr va tabiiy gaz ta’minoti muammolari bilan bog‘liq postiga “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ mansabdor shaxsi quyidagicha javob berdi:
“Ushbu muammongiz bormi, demak ayb o‘zingizda, svetingiz bo‘lmasa o‘zingiz ishlab chiqing hamma sharoit bor, uyingiz sovuq bo‘lsa yozda uyingizni uteplitel materiallar bilan qoplash kerak edi, o‘tin ko‘mir tezak yig‘ish kerak edi, bizlar birovni ayblashga ustamiz, lekin ko‘zimizdagi cho‘pni ko‘rmaymiz”.
Xo‘sh, mansabdorning elektr ta’minoti sifatiga e’tiroz bildirgan fuqaroga mazkur munosabati qanchalik to‘g‘ri? Keling, viloyatdagi boshqa rasmiy tashkilotlarning mazkur holatda qanday pozitsiya tanlashini ko‘rib chiqamiz.
Aytaylik, fuqaro soliq, bank, IIB yoki boshqa sohadagi muammo bo‘yicha ijtimoiy tarmoqda post qoldirdi. Bunday vaziyatda viloyatda shakllangan odatga ko‘ra, tegishli tashkilot vakili fuqaro bilan aloqaga chiqib, muammo paydo bo‘lgan hududni aniqlab, o‘rganib chiqadi va o‘z munosabatini bildiradi. Ammo hech qachon “muammo bormi, demak ayb o‘zingizda” qabilidagi munosabat bildirilmagan.
Elektr ta’minoti sohasida bu kabi “aytishuv”lar keyingi vaqtlarda tez-tez ko‘rinayotganiga guvoh bo‘lamiz. Jumladan, elektr va gaz muammolari bo‘yicha xuddi shu foydalanuvchiga korxonaning yana bir mutasaddisi “tappi ko‘pku” deya izoh bergan va "shukur qilish kerak"ligini bot-bot eslatgan.