Elektr uzatish tarmoqlari va transformator punktlarining manzilli ro‘yxati nega e’lon qilinmaydi?
“Yuksalish” umummilliy harakati viloyat bo‘linmasi tashabbusi bilan 2021 yil Davlat dasturining viloyatdagi ijrosi bo‘yicha jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tdi.
Unda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari” AJ, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi mutasaddilarining axboroti tinglandi.
Ta’kidlanishicha, 2021 yil Davlat dasturida nazarda tutilgan past va o‘rta kuchlanishli elektr tarmoqlari va transformatorlarni bosqichma-bosqich yangilash bo‘yicha viloyatdagi 856 ta ob’yektda 1159,2 kilometr elektr uzatish tarmog‘ini, 309 dona transformator punktini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish ishlari rejalashtirilgan. Hozirgacha 126 ob’yektda 172,1 kilometr elektr uzatish tarmog‘i va 91 dona transformator punkti rekonstruksiya va modernizatsiya qilingan, 4314 dona temir-beton ustuni o‘rnatilgan.
Jamoatchilik eshituvida deputatlar eskirgan simyog‘ochlar, transformator punktlarining almashtirilishi bilan bog‘liq aniq ma’lumotlar elektr tarmoqlari korxonasining axborot manbalarida mavjud emasligi, elektr uzatish tarmoqlari va transformator punktlarining manzilli ro‘yxatini e’lon qilish yuzasidan taklif bildirdi. Taklif “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ mutasaddilari tomonidan qabul qilinib, tez orada ma’lumotlar korxona sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida joylashtirilishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, tadbirda Davlat dasturiga asosan yosh oilalarni arzon uy-joylar bilan ta’minlash, 2021-2023 yillarda "Yoshlar uyi"ni qurish borasida bajarilgan ishlar, mavjud muammolar ham o‘rtaga tashlandi.
Qayd etilishicha, hozir viloyatda 77 ta yosh oila 2019 yil hisobida uy-joy bilan ta’minlanmagan, joriy yil hisobidan quriladigan uylardan ularga ajratish ko‘zda tutilgan.
Ilg‘or xorijiy tajribaga asoslangan holda, avtomobil yo‘llarida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, piyodalar o‘tish joylarining zamonaviy svetoforlar bilan ta’minlanganlik darajasini bosqichma-bosqich oshirish orqali o‘lim holatlarini qisqartirish vazifasi qo‘yilgan bo‘lsa-da, viloyatda joriy yil yo‘l-transport hodisalari soni 42,9 foizga, o‘lim holatlari esa 32,4 foizga oshgan.
Jamoatchilik eshituvi ishtirokchilarining fikricha, bu holatga sabab bo‘layotgan omillar tahlil qilinishi va kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilishi lozim. Jumladan, avtomototransport haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarning (xususiy avtomaktablar) faoliyati bo‘yicha jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganishni amalga oshirish, ular faoliyatini tahlil qilish, haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihonlarni shaffof hamda xolisona tashkil etish takliflar ishlab chiqilishi kerak.
“Yuksalish” ummummilliy harakati viloyat bo‘linmasi axborot xizmati.