Ichimlik suv tarmog‘i yangisiga almashtiriladi

Kecha, 3 sentyabr kuni saytimizda "Ko‘chamizdan o‘tgan suv quvuri sifatsiz ta’mirlandi, yo‘llarimiz abgor holga keldi"sarlavhasi ostida tanqidiy maqola berilgan edi.
Unda Samarqand shahar Yangiqo‘rg‘on mahallasi Gumbaz ko‘chasida diametri 1000 millimetr bo‘lgan suv quvurining sifatsiz ta’mirlangani oqibatida yana suv otilib chiqayotgani, ta’mirlangan joy bir necha oydan beri tekislangani ham, avvalgi holatiga keltirilgani ham yo‘qligi bildirilgandi.
Ushbu murojaat yuzasidan "Samarqand suv ta’minoti" aksiyadorlik jamiyati Samarqand shahar bo‘limi javob xati yo‘lladi.
"Bugungi kunda Samarqand shahrida 800 kilometrdan ortiq ichimlik suvi tarmog‘i mavjud bo‘lib, Prezident qarori va Davlat dasturiga asosan ma’nan eski tarmoqlar yangisiga almashtirilyapti.
Prezidentimizning 2024 yil 29 noyabrdagi PQ-407-sonli qaroriga asosan "Samarqand suv ta’minoti" AJ shahar filialiga qarashli "Mo‘lyon" suv taqsimlash inshootidan Sartepa hududigacha bo‘lgan qismida diametri 1000 millimetrli ichimlik suv tarmog‘i ham yangilanishi belgilangan va yuqorida murojaat qilgan mahalla hududidagi ham tarmoq tortiladi.
Ayni kunda ushbu manzilda yuzaga kelayotgan nosozliklar brigadalar tomonidan bartaraf etib kelinmoqda", deyiladi javob xatida.