Ajrim bolaning otasi bilan ko‘rishishiga cheklov degani emas
Har bir bola oilada yashash va tarbiyalanish, o‘z ota-onasini bilish, ularning g‘amxo‘rligidan foydalanish, ular bilan birga yashash huquqiga ega. Ota-onasining nikohdan ajralishi, nikohning haqiqiy emas deb topilishi yoki ota-onaning boshqa-boshqa yashashi bolaning bu huquqiga ta’sir qilmaydi. Ya’ni, ota va ona alohida yashagan holda ham bola ularning har biri bilan ko‘rishish huquqiga ega bo‘ladi.
Ammo ayrim kishilar borki, turmushi buzilganligi sababli, bolani ota (yoki onasi) bilan ko‘rishishga ruxsat bermaydi. Bunday hollarda voyaga yetmaganlar, ya’ni bolalarning huquqlari vasiylik va homiylik organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda sud hokimiyati tomonidan muhofaza qilinadi.
Azamat Qodirov (ismi, sharifi o‘zgartirilgan) 2007 yilda Bahora Qodirova bilan qonuniy nikohdan o‘tib oila qurgan va birgalikdagi turmushlaridan Odinaxon va Murodbek ismli ikki nafar farzandli bo‘lishgan. O‘rtalaridagi kelishmovchiliklari sababli ular 2019 yil oktyabr oyidan buyon alohida yashab kelishmoqda.
Farzandlar esa Bahora Qodirovaning qaramog‘ida tarbiyalanib kelmoqda. A.Qodirov farzandi bilan ko‘rishish va uning tarbiyasida ishtirok etish maqsadida B.Qodirovaning yashash uyiga borgan vaqtida u farzandlarini ko‘rsatmasdan qarshilik qilib kelgan. Mazkur holatda A.Qodirov sudga farzandlari bilan ko‘rishish va tarbiyasida ishtirok etish vaqtini belgilash to‘g‘risidagi da’vo ariza bilan murojaat qilgan.
Sud amaldagi qonun talablari va ish holatlaridan kelib chiqib, A.Qodirov bolalarning otasi, bola bilan ko‘rish xuquqiga ega ekanligini, farzandlari voyaga yetmaganligini, uning farzandlari bilan ko‘rishiga monelik qiladigan holatlar yo‘qligini, vasiylik va homiylik organi tomonidan otaga ijobiy xulosa berganligini inobatga oldi.
Hal qiluv qarori bilan A.Qodirovni farzandlari bilan uchrashish vaqtini har oyning birinchi va uchinchi shanba kunlari darsdan so‘ng 17:00 dan yakshanba kuni 13:00 ga qadar va mahalla fuqarolar yig‘inining vakillari ishtirokida uyiga olib ketish sharti bilan belgilab berdi. Bir so‘z bilan aytganda bolalarning otasi bilan ko‘rishish huquqi buzilishi holatiga chek qo‘yildi.
Sherjahon ZAYNIDDINOV,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi sudyasi katta yordamchisi.