11 oy davomida otasi tomonidan yashirib kelingan bolalar onasiga qaytarildi
Toshkent viloyatining Parkent tumanida otasi tomonidan 11 oy davomida yashirilgan bolalar onasiga qaytarildi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati xabar berdi.
Yuqorichirchiq tumanlararo sudining o‘tgan yil 14 oktyabr kunidagi qarzdor A.Sh.dan, undiruvchi D.Sh. tarbiyasiga 2014 va 2016 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan farzandlari Bobur va Zarnigorni olib berish to‘g‘risidagi ijro hujjati bo‘yicha byuroning Parkent tumani bo‘limi tomonidan bir necha marotaba qarzdordan bolalarni onasiga olib berishga harakat qilingan.
Lekin ota doimiy ravishda ijro harakatlariga to‘sqinlik qilgan va farzandlarini berkitib qo‘ygan.
Shu sabab bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan olib berilishi lozim bo‘lgan bolalarga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
Majburiy ijro byurosining Toshkent viloyati boshqarmasi qidiruv xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar davomida qidiruvga berilgan bolalar Yuqorichirchiq tumanidagi qarzdorning uzoq qarindoshining uyidan topilgan va davlat ijrochisiga topshirilgan.
Ijro harakatlari davomida bolalalar onasiga xolislar ishtirokida olib berilgan.
Parkent tumani imom xatibi, maxalla raisi, IIB profiliktika inspektorlari taklif etilgan va oilani yarashtirish maqsadida taraflar bilan tushuntirish ishlari olib borilgan.