Yurtimizda oilaviy ajrimlarning umumiy statistikasi ma’lum qilindi 

Bugun AOKA huzuridagi shtabda bo‘lib o‘tgan brifingda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi matbuot kotibi Saodat Boymirzayeva Respublikamizda joriy yilning birinchi yarim yilligi davomida yurtimizda oilaviy ajrimlar haqida ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, olti oy davomida 12  ming 810 ta, o‘tgan yilning shu vaqtiga nisbatan 3 ming 151 ta kam oilaviy ajralishlar ro‘yxatga olingan. Mamlakatimizdagi mavjud oilalarning 0,03 foizining taqdiri ajralish bilan yakun topgan.

Yuzaga kelgan mazkur ajrimlar natijasida joriy yilning o‘zida Respublika bo‘yicha 8 ming 725 nafardan ortiq voyaga yetmagan bolalar ota yoki ona mehridan mahrum bo‘lgan.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan joriy yilning shu vaqtiga qadar 15 ming 413 ta ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarning 9 ming 980 tasi ya’ni, 60 foizi yarashtirildi. Shuningdek, 11  ming 985 ta nikohi qonuniy rasmiylashtirilmagan oilalar aniqlanib, ularning 5 ming 960 tasi yoki 57,8 foizining nikohi qonuniy rasmiylashtirildi.

Bu ko‘rsatkichlarni hududlar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, aholi va oilalar sonining ko‘pligi munosabati bilan, eng yuqori raqamlar Toshkent shahar va Andijon viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Joriy yilning shu kuniga qadar poytaxt oilalarining 1692 tasi ajrashgan, 918 ta oila esa ajrim yoqasiga kelib qolgan. Keyingi o‘rinda 1498 ta ajrashgan oilalar bilan Andijon viloyati turibdi. Viloyatdagi ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar soni esa 1716 tani tashkil etmoqda.

Ajralgan oilalar soni Farg‘ona viloyatida 1304 ta, Toshkent viloyatida 1308 ta, Samarqand viloyatida 1302 ta, Namangan viloyatida 923 ta, Qashqadaryo  viloyatida 815 ta, Surxondaryo viloyatida 749 ta, Buxoro viloyatida 744 ta, Sirdaryo viloyatida 529 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 513 ta, Xorazm viloyatida 497 ta, Jizzax viloyatida 489 ta, Navoiy viloyatida 447 tani tashkil etadi.