Bemehr ota 2 yoshli farzandini zaharlab, 8 yoshli o‘gay o‘g‘lini esa muntazam qiynab kelgan
Jizzax viloyati Forish tumani Qizilqum mahallasida istiqomat qiluvchi 2 yoshli M.M. hasharotlarga qarshi qo‘llaniladigan “Nurel” kimyoviy vositasidan zaharlangani bois tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.
Olib borilgan tergovga qadar tekshirish davomida jabrlanuvchi M.M.ni otasi - Namangan viloyati Chust tumanida doimiy ro‘yxatda turuvchi, Forish tumanining Qizilqum mahallasiga dehqonchilik qilayotgan, 1978 yilda tug‘ilgan M.I. zaharlaganligi aniqlandi.
Shuningdek, M.I. shar’iy nikohdagi turmush o‘rtog‘i Sh.M.ning 8 yoshli farzandi M.J.ni ham muntazam ravishda qiynab, do‘pposlab, haqoratlab kelgan.
Xususan, 2020 yilning mart oyida M.J.ning ustiga qaynoq suv sepib, kuyish jarohati yetkazgan. Bola tanasida ushbu jarohat belgilari ham mavjud.
"Postda" nashri xabariga ko‘ra, holat yuzasidan tegishli tartibda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.