Otalikni belgilash yoki otalikka e’tiroz bildirish huquqi qanday amalga oshiriladi?

O‘zaro nikohda bo‘lmagan ota-onadan bola tug‘ilgan taqdirda, ota-onaning birgalikdagi arizasi yoki bolaning otasining arizasi bo‘lmasa, otalik sud tartibida belgilanishi mumkin. Aslida otalikni belgilash to‘g‘risidagi ariza bolaning tug‘ilganligini qayd etish vaqtida, shuningdek, bola tug‘ilganligi qayd etilgandan keyin ham berilishi mumkin.

Otalikni sud tartibida belgilash ota-onadan birining yoki bolaning vasiysi (homiysi)ning yoxud bola kimning qaramog‘ida bo‘lsa, shu shaxsning arizasiga muvofiq amalga oshiriladi.

Otalikni belgilayotganda sud bolaning onasi bola tug‘ilishiga qadar javobgar bilan birga yashaganligi va umumiy ro‘zg‘or yuritganligi yoki ular bolani birgalikda tarbiyalaganliklari yoxud ta’minlab turganliklarini yoki javobgarning otalikni tan olganligini aniq tasdiqlovchi boshqa dalillarni e’tiborga oladi.

Otalikni belgilash to‘g‘risidagi sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgandan keyin sud shu qaror nusxasini bola tug‘ilganligi ro‘yxatga olingan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga yuboradi.

Shuningdek, ota farzandiga nisbatan otaligiga e’tiroz bildirish huquqiga ega. Tug‘ilishni yozish daftaridagi tug‘ilishga oid yozuv bolaning unda ko‘rsatilgan ota-onadan tug‘ilganligini tasdiqlovchi dalil hisoblanadi. Bolaning otasi, deb yozilgan shaxs unga bunday yozuv ma’lum bo‘lgan yoki ma’lum bo‘lishi lozim bo‘lgan vaqtdan e’tiboran bir yil mobaynida ana shu yozuv to‘g‘risida sud tartibida e’tiroz bildirishga haqli.

Agar shu vaqtga kelib, bolaning otasi deb yozilgan shaxs voyaga yetmagan bo‘lsa, bir yillik muddat mazkur shaxs o‘n sakkiz yoshga to‘lgan vaqtdan boshlab hisoblanadi.

Sudga otalikka e’tiroz bildirib da’vo ariza kiritilganda, sud ish holatlariga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2011 yil 25 noyabrdagi “Sudlar tomonidan otalikni belgilashga oid ishlarni ko‘rishda qonunchilikni qo‘llanilishi to‘g‘risida”gi qarorining 14-moddasiga binoan, bolaning kelib chiqishini aniqlash maqsadida ishda ishtirok etuvchi tarafning arizasi yoki o‘z tashabbusi bilan odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi tayinlashi mumkin.

Ya’ni, Adliya vazirligi Hadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertizasi markazi tomonidan taqdim etilgan biologik ekspertiza xulosasiga asosan sud fuqarolik ishi bo‘yicha asosli va qonuniy to‘xtamga keladi.

Inomjon ABSALOMOV,

fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi katta mutaxassisi.