Samarqandliklar “CACIE 2025” xalqaro ta’lim konferensiyasida qatnashmoqda

Shu kunlarda Xitoyning Pekin shahrida  “CACIE 2025” xalqaro ta’lim konferensiyasi o‘tkazilmoqda.

Anjuman Xitoy Ta’lim vazirligi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, unda dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan kasbiy ta’lim va texnik soha rahbarlari, ekspertlar hamda sanoat vakillari qatnashmoqda.

Tadbirda O‘zbekiston vakillari ham ishtirok etmoqda. Ular CIIC International Education va Weican Vocational Education kabi nufuzli tashkilotlarning xalqaro platformalari bilan tanishib, “Belt and Road International TVET Standard and Resource Project” loyihalarining amaliy natijalari bilan yaqindan tanishmoqda. Ushbu tashabbuslar Xitoyning 40 dan ortiq davlatlar bilan hamkorligida amalga oshirilayotgan, xalqaro kasbiy ta’limni rivojlantirishga qaratilgan global dasturlarni o‘z ichiga oladi.

O‘zbekiston delegatsiyasining ushbu konferensiyadagi ishtirokida kasbiy ta’lim tizimini xalqaro standartlarga integratsiya qilish, Xitoyning ilg‘or o‘quv modellarini o‘rganish va “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusi doirasida yangi hamkorlik loyihalarini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma o‘quv markazlarini tashkil qilish, xalqaro sertifikatlash dasturlarini joriy etish, 3+1 o‘quv modeli asosida xalqaro diplomga ega mutaxassislar tayyorlash, texnik mutaxassislarni xalqaro malaka oshirish dasturlariga jalb etish, “WorldSkills Asia” doirasidagi hamkorlikni kengaytirish, kollej va texnikumlarga zamonaviy texnik baza - VR/AR laboratoriyalari va sanoat jihozlarini yetkazib berishni ko‘zlamoqda.

E’tiborlisi, CIIC International Education tomonidan taqdim etilgan “International TVET Service Manual 2026” hujjatida O‘zbekiston ham “Belt and Road Education Community” doirasidagi ustuvor hamkor davlat sifatida qayd etilgan. Ushbu tizim orqali O‘zbekiston kasbiy ta’lim tizimi xalqaro resurslar, o‘qituvchi almashinuvi, qo‘shma dasturlar va sertifikatlash tizimlariga ulanadi.

Natijada O‘zbekistonning “CACIE 2025”dagi ishtiroki mamlakatimiz kasbiy ta’lim tizimini xalqaro darajaga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi. Bu nafaqat texnik bazani modernizatsiya qilish, balki xalqaro tan olingan mutaxassislar tayyorlash, yangi texnologiyalarni o‘quv jarayonlariga joriy etish va “Made in Uzbekistan Skills” brendini global miqyosda targ‘ib etish uchun keng imkoniyat yaratadi.