Samarqandda farzandining ta’minoti uchun 23,5 million so‘mdan ziyod qarz bo‘lgan ota otalik huquqidan mahrum qilindi

Oilaviy qadriyatlarni hamma narsadan ustun qo‘ygan, farzand deganda jonini berishga tayyor xalqimiz orasida, afsuski, sud orqali ota yoki onalik huquqidan mahrum qilish bilan bog‘liq nizolar hamon uchrab turibdi.

Misol uchun, yaqinda Lola (ismlar shartli) ismli ayolning sobiq turmush o‘rtog‘i Ravshanga nisbatan otalik huquqidan mahrum qilish haqidagi da’vo arizasi ko‘rib chiqildi. Murojaatda qayd etilishicha, ular 2009 yilda qonuniy nikohdan o‘tib, oila qurgan va turmushlaridan bir nafar farzand tug‘ilgan. Ammo ikki o‘tadagi kelishmovchiliklar sababli sudning hal qiluv qarori bilan ajrashishgan.

Sud buyrug‘ida Ravshandan aliment undirish belgilangan. Biroq u aliment pullarini to‘lamasdan, ya’ni otalik burchlarini bajarmasdan kelayotganligi, uning bugungi kundagi alimentdan bo‘lgan qarzdorligi 23 million 576 ming 69 so‘mni tashkil qilishini inobatga olib, Ravshanni Anora ismli farzandiga nisbatan otalik huquqidan mahrum qilish so‘ralgan.

Mahalla fuqarolar yig‘ini Ravshan 2010 yilda xorijiy davlatga ketganligi, qayerda yashashi noma’lumligi haqida ma’lumot bergan.

Sud Oila kodeksining 79-moddasiga asosan Ravshanga voyaga yetmagan farzandiga g‘amxo‘rlik qilmasdan, uning ahvolidan xabar olmaganligi, unga moddiy yordam bermay kelayotganligi va uning tarbiyasi bilan shug‘ullanmayotganligini e’tiborga olib da’voni qanoatlantirgan.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ota-onalik huquqidan mahrum qilish bilan bog‘liq nizolar viloyatdagi sudlar ish yurituviga 2018 yilning 1-choragida davomida 45 ta kelib tushgan. 2019 yilning 1-choragida esa bunday nizolar 33 tani tashkil etadi.

Tahlillar aksariyat holatlarda ota yoki ona qonuniy majburiyatlarini bajarmaganligini ko‘rsatmoqda. Negaki, har ikki davodan bittasi qanoatlantirilmoqda. Xususan, 2018 yilda 24 ta holat bo‘yicha, 2019 yilda esa 19 ta da’vo arizalari qanoatlantirilgan.

F.JABBOROVA,

fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi sudyasi katta yordamchisi.