“Dolzarb 90 kunlik” farzandlarimizga nima berdi?

O‘tgan yozgi ta’til davrida barcha umumta’lim maktablarida “Dolzarb 90 kunlik” tadbirlari doirasida turli to‘garak mashg‘ulotlari, tanlov va musobaqalar tashkil etildi.
Past Darg‘om tumanidagi 55-maktabda ham o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida tashkil etilgan tadbirlarda har kuni 200 nafarga yaqin o‘quvchi ishtirok etdi.
- Farzandim Zafarjon 7-sinf o‘quvchisi, - deydi uning onasi Nilufar Himmatova. – Biz kunduzi ishda bo‘lib o‘g‘limni nazorat qilishning imkoni yo‘q edi. U har yili yozgi ta’tilda bo‘sh vaqtini behuda sarflardi. Ya’ni, ko‘proq uyqu, cho‘milish, kompyuter yoki telefondagi befoyda o‘yinlar bilan shug‘ullanish bilan o‘tkazardi. Bu yilgi “Dolzarb 90 kunlik” tadbirlarining tashqil etilishi yaxshi natija berdi. O‘g‘lim ta’til davomida kunduzi o‘qituvchilari nazoratida bo‘ldi, turli xil to‘garaklarda qatnashdi, sport musobaqalari va tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritganidan mamnun. "Dolzarb 90 kunlik"ning yakuniga bag‘ishlangan festival va tadbirlarda faol qatnashgan o‘quvchilar, sinflar jamoasiga tashakkurnoma va sertifikatlar topshirildi. Ularning orasida o‘g‘lim ham borligidan xursandman.
- Har bir maktabda o‘tkazilgan yakuniy festival o‘ziga xos tarzda o‘tdi, - deydi tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mutaxassisi S.Haydarov. – Tadbirlarda “Sog‘lom hayot uchun besh ming qadam” marafoni, turli xil sport musobaqalari va intellektual o‘yinlar, shuningdek, yakuniy konsert dasturi tashkil etildi. G‘oliblar munosib taqdirlandi. Bu o‘quvchilarning yangi o‘quv yilini yangicha ishtiyoq bilan boshlashiga sabab bo‘ldi.
Nargiza Muxtorova.