Turli mamlakatlarda sayyohlarni hayratda qoldiradigan xususiyatlar

Hatto o‘nlab chegaralarni kesib o‘tgan eng tajribali sayohatchilar ham har sayohatdan so‘ng dunyoning xilma-xilligidan hayratda bo‘lib, boshqalardagi o‘ziga xos xususiyatlar haqida hayratlanib gapiradi. ADME turli mamlakatlar aholisi vakillari nimani mutlaqo normal deb hisoblashini aniqladi.
Gana
Bizda tug‘ilgan kunlar yoki odamlarning yoshi yo‘q. Faqat yoshlar yoki keksalar borligini bilamiz, xolos va shuning o‘zi yetarli. Qishloqlarda hech kim o‘z tug‘ilgan kunlarini yozmaydi, odamlar o‘z yoshini taxmin qilib aytishadi. Ishga kirish uchun to‘g‘ri kelgan o‘rtacha yoshni aytish mutlaqo normal hisoblanadi.
Keniya
Graffiti suratlari bilan qoplangan bizning jamoat transportimiz juda baland musiqa tizimlari bilan jihozlangan. Tirbandlikka qaramay, haydovchilar manzilingizga qisqa vaqt ichida yetkazishga harakat qilib, avtobusni aqldan ozgandek haydashadi. Aytgancha, Nayrobida yovvoyi hayvonlar yo‘lni to‘sib qo‘yishi mumkinligi sababli ishga kechikish odatiy hol hisoblanadi.
Hindiston
Yo‘l chetidagi stomatologik "kabinetlar" odatiy hol bo‘lib, ulardan sertifikatlangan tish shifokoriga borish imkoni bo‘lmaganlar foydalanadi.
Ofislar, do‘konlar va uylar, shuningdek, mashinalar eshiklariga bog‘langan achchiq qizil qalampir va limon egasini baxtsizlikdan himoya qilishi kerak.
Slovakiya
Mabodo slovakdan: "Ishlaring qalay?" deb so‘rasangiz, u sizga batafsil va vijdonan javob beradi, chunki bu yerdagi so‘rashish ramziy salomlashishni emas, balki suhbat boshlashga taklif qilishni anglatadi. Bu mantiqan to‘g‘ri, negaki, ob-havo va hukumat haqida ma’nosiz gaplarni aytish o‘rniga suhbatdoshingiz qanday kayfiyatda ekanligini va u bilan nima haqida gaplashishingiz mumkinligini darhol bilib olasiz.
Niderlandiya
17 million kishida 22,5 millionta velosiped bor. Misol uchun, uyimizda otamning uy velotrenajyori, qisqa masofaga chiqish uchun bitta velosiped, tog‘ velosipedi va poyga velosipedi bor. Bu yerda velosiped yo‘lida yuradigan odamlarni haqorat qilish uchun har xil kasalliklar nomlari ishlatiladi.
Eron
Boshqa mamlakatlarda sayyohlarni kechki ovqatga taklif qilish, birga suratga tushish yoki o‘z uylarida tunab qolish takliflari qo‘rqitib yuboradi, lekin Eronda bu mutlaqo normal holat. Eronliklar juda mehmondo‘st hisoblanadi va agarsiz sayyoh sifatida olomondan ajralib tursangiz, bir zumda ko‘plab muxlislarga ega super yulduzga aylanasiz-qolasiz.
Islandiya
Biz ko‘chada uchragan har bir kishiga xayrli tong va xayrli kech tilaymiz. Ayni paytda qanday qor yog‘ayotgani haqida uzoq va asosli muhokama qilishga qodirmiz. Qahvahona yoki do‘konga borish uchun farzandlarimizni aravachada qoldirishimiz odatiy hol.
Turkiya
Ular ishlaydimi, yo‘qmi farqi yo‘q, barcha joyda yomon ko‘zdan asraydigan tumorlar bor. Xotirjamlik uchun. Do‘sti o‘ziga yangi poyabzal sotib olganini ko‘rgan turk, albatta, uni bosib olishi kerak. Odamlar yangi narsasi bor kishiga hasad qilishlari mumkin, shuning uchun uni biroz "qaritib" egasiga yordam berish odatiy hisoblanadi.
Fransiya
Fransiyada hatto endigina tanishgan kishining yuzlaridan ikki marta o‘pib salomlashish odat tusiga kirgan. Bu odat 15 kishi yoki undan ham ko‘proq odam bilan uchrashgan tadbirlarda biroz noqulaylik tug‘dirsa kerak.
Biz bu xorijliklarni g‘alati, deymiz, albatta. Boshqa tomondan, kim biladi, balki bizda ham sayyohlarni hayratda qoldiradigan urf-odatlar, e’tiqodlar, qoidalar va an’analar bor bo‘lsa-chi...
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.