Dual ta’lim imkoniyatlari tadbirkorlar bilan muhokama qilindi

Viloyat hokimi huzuridagi tadbirkorlar jamoatchilik maslahat kengashining navbatdagi majlisi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida o‘tkazildi.

Unda viloyat hokimi Adiz Boboyev, kengash a’zolari, mahalliy tadbirkorlar hamda oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda viloyatimizdagi ta’lim muassasalari va tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida kadrlar tayyorlash va ilmiy tadqiqotlar borasidagi hamkorlikni dual ta’lim tamoyillari asosida kengaytirish, ta’lim va ishlab chiqarishni uyg‘unlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti birinchi prorektori Sherzod Uzoqovning qayd etishicha, bugungi kunda universitetda 9 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda va ularga 400 nafarga yaqin professor-o‘qituvchi ta’lim bermoqda. Oliy ta’lim muassasasi tarkibida 4 ta fakultet faoliyat yuritib, ta’lim jarayoni 39 ta bakalavriat, 13 ta magistratura hamda 16 ta doktorantura yo‘nalishlari asosida tashkil etilgan.

 — Ayni paytda universitetimiz yuzga yaqin xorijiy oliy ta’lim muassasalari va tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi, — deydi Sherzod Uzoqov. — Joriy yilda Xitoy Xalq Respublikasining “Hengda” tashkiloti bilan 4 million dollarlik shartnoma imzolanib, universitet huzurida qurilish muhandisligi sifati nazorati ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi. Loyiha asosida 1 million dollarlik zamonaviy laboratoriya jihozlari olib kelindi. Kelgusida ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sifatini yanada oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, innovatsion infratuzilmani rivojlantirish hamda bitiruvchilarning raqobatbardoshligini kuchaytirish universitet oldida turgan ustuvor vazifa sifatida belgilab olingan.

Yig‘ilishda talabalarni ishlab chiqarish jarayonlariga jalb etish, amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish hamda ilmiy tadqiqotlarni real sektor ehtiyoji bilan uyg‘unlashtirish yuzasidan fikr almashildi.

Viloyat hokimi Adiz Boboyev ta’lim muassasalari va biznes vakillari o‘rtasidagi yaqin hamkorlik hudud iqtisodiyotini rivojlantirish hamda raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Dual ta’limni joriy etish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yish va bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashga qaratilgan aniq vazifalar belgilandi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.