Samarqandda turizm mavsumi ochildi: barcha tarixiy obidalarga kirish bepul
Samarqandda sayyohlik mavsumining boshlanishi munosabati bilan viloyat musiqali drama teatri yonida “Samarqand – turizm markazi” shiori ostida madaniy-ko‘ngilochar tadbir o‘tkazildi. Kuy-musiqa, turli tanlov, viktorinalar, shou chiqishlar, xullas, Samarqandda turizm mavsumining bu taxlit ochilishi ilk bor kuzatildi.
- Samarqandda turizm mavsumi, avvalo, viloyat ahli va mehmonlar uchun qator chegirma va imtiyozlar bilan boshlandi, - dedi viloyat hokimining turizm va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Botir Nurullayev. – Bugun Samarqanddagi barcha tarixiy obidalarga kirish aholi uchun bepul, shuningdek, viloyat musiqali drama teatrida tomoshabinlarga bepul spektakl namoyish etilmoqda. Qolaversa, Navro‘z ayyomi kunlari mahalliy aviareyslarda 50 foiz, temiryo‘l transportida 15 foiz chegirmalar bo‘lishi belgilangan. Mahalliy turizmni rivojlantirish yo‘lida ziyorat turizmini ommalashtirish bilan birgalikda yangidan-yangi sayyohlik yo‘nalishlari tashkil etilmoqda. Xususan, Konigilda tashkil etilgan turizm qishlog‘i nafaqat xorijlik, balki mahalliy sayyohlar uchun ham tomosha qilishga, qaysidir ma’noda etnik tariximizni o‘rganishga ham yordam beradi.
Marosimda yig‘ilganlarga raqamlar tarqatildi. Lotereya tarzida o‘tkazilgan o‘yinda raqamlari chiqqan omadli ishtirokchilar Toshkent, Buxoro kabi viloyatlarga ikki kishilik sayohat chiptalari bilan taqdirlandi.
- Bunday yutuqni hecham kutmagandim, - deydi Registon mahallasidan kelgan Feruza Abdullayeva. – Mahallamiz faollari «Temir daftar»dagi oila a’zolarini shu bayramga olib kelishgandi. Maza qilib tomosha qildik. Toshkentga bepul sayohat ayollar bayramiga kutilmagan sovg‘a bo‘ldi.
Xonandalar ishtirokidagi kuy-qo‘shiq, sahna ko‘rinishlari, viloyat musiqali drama teatri aktyorlari ijrosidagi «Amir Temur va elchilar» nomli sahna ko‘rinishlari ishtirokchilarga bayram kayfiyatini ulashdi.
Gulruh Mo‘minova,
Zamira Baltayeva (foto).