Samarqandlik 4 nafar tajribali jurnalist “Mehnat faxriysi” bo‘ldi
Avval xabar qilganimizdek, viloyatimizdan 68 nafar nuroniy “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
E’tiborlisi, bu ro‘yxatda to‘rt nafar jurnalist ham bor. Xususan, tajribali ustoz jurnalistlar Norbobo Shakarov va Toir Doliyev I darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan bo‘lsa, Toshpo‘lat Rahmatullayev va Yo‘lchi Muhammadiyev II darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoniga munosib ko‘rildi.
Viloyat hokimligida o‘tkazilgan marosimda “Nuroniy” jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiyev, uning birinchi o‘rinbosari Sharof Ubaydullayev, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Feruz Abilovlar so‘zga chiqib, faxriylarimizni e’tirof bilan tabrikladi.
Aytish joizki, bu gal viloyatimizning 34 nafar nuroniysi I darajali, 23 nafari II darajali va 11 nafari III darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. ““Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq, I va II darajali nishon sohiblari bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofotiga ham ega bo‘lishdi.