Samarqandlik tadbirkorlar Qoraqalpog‘istonda agrar tarmoq rivoji uchun 402 milliard so‘mlik loyiha ishlab chiqdi
Davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida hududda hali foydalanish imkoniyati keng bo‘lgan ko‘plab resurslar mavjudligi va ulardan samarali foydalanish borasida aniq rejalar ishlab chiqish kerakligi to‘g‘risida bir qator fikrlar bildirgan, buning uchun viloyat, tumanlardan soha mutaxassislari jalb etilib, hududdagi imkoniyatlarni o‘rganish vazifasi qo‘yilgandi.
Shu maqsadda viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi boshlig‘i Sodiq Hakimov boshchiligidagi viloyatimiz mutaxassislari Qoraqalpog‘istonda agrar tarmoqda foydalanish mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar, ishga solinmagan imkoniyatlarni o‘rganmoqda.
Viloyatimiz vakillari Nukus tumanidagi o‘rganishlarda aniqlashicha, tumanda foydalanishga kiritish mumkin bo‘lgan 3 ming gektar yer maydoni mavjud. Ushbu maydonlarni foydalanish (oborot)ga kiritish uchun irrigatsiya-melioratsiya ishlarini amalga oshirish zarur. Buning uchun 42 kilometrlik irrigatsiya-melioratsiya ishlarini olib borish, ya’ni zovur, kanallarni tozalash, ichki sug‘orish tarmoqlarini tozalab, qayta ta’mirlashga to‘g‘ri keladi. Hozirda bu ishlar uchun suv xo‘jaligi bilan birgalikda chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Jumladan, 14 ta tik sug‘orish quduqlarini qazish hisobidan maydonlarni foydalanishga kiritish bo‘yicha suvchilar bilan kerakli ishlar olib borilmoqda.
Bundan tashqari, bir qancha bo‘sh turgan binolar aniqlanib, mazkur binolarda parrandachilik, chorvachilik loyihalarini joylashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda. Foydalanishdan chiqqan maydonlarda hozirgi kunda intensiv bog‘lar, uzumzorlar tashkil etish, issiqxona, baliqchilik xo‘jaliklari, tut plantatsiyalarini ko‘paytirishga qaratilgan jami 402 milliard so‘mlik loyihalar ishlab chiqildi.
Bu loyihalarni amalga oshirish uchun viloyatimizdagi salohiyatli tadbirkorlarni jalb qilgan holda qariyb 3,5 mingta yangi ish o‘rni yaratish borasida ish olib borilmoqda.
Viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi axborot xizmati.