Samarqandlik yoshlar ingliz tili xalqaro imtihonidan rekord natija qayd etdi

Samarqandlik ikki maktab bitiruvchisi IELTSda 9 (eng yuqori) ballga teng bo‘lgan natijaga ega bo‘ldi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi Samarqand bo‘limi o‘qituvchi treneri Nodir Saliyevga ko‘ra, agentlik tashabbusi bilan Cambridge Assessment Englishning O‘zbekistondagi imtihonlar markazi (Innovative Centre - UZ050)da ingliz tilining mukammal so‘zlashuvchilari o‘rtasida tashkil qilingan Cambridge Assessment Englishning C2 Proficiency imtihoni o‘tkazildi va unda samarqandlik Parviz Subhonqulov va Timur Jalilov ingliz tili bilimlarini Rossiya va Hindiston davlatlaridan kelgan ingliz tili ekspertlari o‘rtasida rekord natijani qo‘lga kiritgan holda isbotladi. 

Quvonarlisi, mazkur C2 (CPE) imtihoni ingliz tilini falsafa doktori (PhD) darajasida biluvchilar uchun yaratilgan bo‘lsa-da, Parviz va Timurbek eng baland ballni qo‘lga kiritdi.

Ma’lumot uchun: Cambridge Assessment Englishning C2 Proficiency imtihoni dunyo bo‘ylab tashkil qilingan ingliz tilini tekshiruvchi eng birinchi testlardan biri bo‘lib, 1913 yildan boshlab o‘tkazilib kelinadi. Birinchi testda faqatgina 3 kishi qatnashgan bo‘lib, ular testdan o‘ta olmagan. 

Shuningdek, C2 Proficiency imtihoni ingliz tilini baholovchi dunyoning yetakchi tashkiloti - Cambdridge Assessment tomonidan o‘tkaziluvchi eng nufuzli test hisoblanib, u ingliz tilida erishish mumkin bo‘lgan eng yuqori natijani tekshiruvchi imtihon. Samarqandlik yoshlarimiz qo‘lga kiritgan natija IELTSdan 9 ballga ega bo‘lish bilan tengdir.