SamDChTIning ikki nafar o‘qituvchisi Germaniyada malaka oshiradi
Samarqand davlat chet tillar institutining roman-german tillar fakulteti nemis tili ta’lim yo‘nalishida 120 nafar yoshlar bakalavr va 10 nafar o‘quvchi magistrlik yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil oladi. Talabalarga nemis tili kafedrasining 25 nafar professor-o‘qituvchisi va Germaniyadan kelgan bir nafar mutaxassis dars beradi.
– Germaniyadagi Xumboldt va Xaydelberg universiteti hamda Gyote instituti va DAAD tashkiloti bilan hamkorlikda ish olib boramiz, – deydi fakultet dekani Bahodir Primov. – Ikki davlat ta’lim muassasalarining o‘qituvchi-o‘quvchilari muntazam fikr va tajriba almashadi, ilmiy adabiyotlar yaratadi. Har yili belgilangan talablar asosida Gyote instituti yoki DAAD tashkiloti imtiyoziga ega bo‘lgan o‘qituvchi va talabalar Germaniyadagi ilm maskanlarida o‘qib, malaka oshirib keladi. Jumladan, 2018 yilda ikki nafar o‘qituvchi va 5 nafar talaba shunday imtiyozni qo‘lga kiritgandi.
Yaqinda SamDU, SamDChTI va SimISI akademik litseylari hamda Samarqand shahridagi 51-nemis tiliga ixtisoslashtirilgan davlat umumiy o‘rta ta’lim maktabi bilan Germaniyaning Xalqaro maktablar hamkorligi tashkiloti o‘rtasida shartnoma imzolandi. Endi ikki davlatning dastlabki ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarga ham e’tibor qaratiladi.
Darvoqi, "El-yurt umidi" jamg‘armasi tomonidan 2019 yilda institutning nemis tili ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha ikki nafar o‘qituvchisi Germaniyaga borishi va germaniyalik bir nafar mutaxassisning Samarqandga kelishi belgilangan.
Abdujabbor PO‘LATOV.