Saylov uchastkalarida elektr energiyasidan muammo bo‘lmaydi

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 7-Samarqand okrug saylov komissiyasining bugun o‘tkazilgan navbatdagi majlisida bir qator tashkilotlarning saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan axboroti eshitildi.

   – O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 22-moddasiga ko‘ra, okrug saylov komissiyasi siyosiy partiyalar, boshqa jamoat birlashmalari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillarining, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan axborotini eshitish vakolatiga ega – dedi 7-Samarqand okrug saylov komissiyasi raisi F.Toshev. – Ushbu tartibdan kelib chiqib, bugun O‘zbekiston Ekologik partiyasi va O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyatlari kengashlari rahbarlari hamda “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati direktorining axborotlarini eshitishga qaror qildik.

  Majlisda ikkala partiya viloyat tashkiloti yetakchilari joriy yilning 24 oktyabr kuni o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Ekologik partiya va Xalq demokratik partiyasi ham o‘z nomzodlari bilan ishtirok etayotganini ta’kidladi. Shu paytgacha viloyatda ikkala partiya nomzodlari ham saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ayni paytda esa ishonchli vakillar tomonidan viloyat aholisi o‘rtasida targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

  “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati direktori G‘.Mamatqulov viloyatdagi 1111 ta saylov uchastkalarining barchasidagi elektr energiyasi ta’minoti mutaxassislar tomonidan o‘rganilib, aniqlangan muammolar bartaraf etilganini ma’lum qildi. 

  – Hozirda barcha saylov uchastkalariga xodimlarimizni mas’ul etib belgilab, ularning vazifalarini tushuntirganmiz, – dedi G‘.Mamatqulov. – Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va boshqa tegishli idoralar bilan birga binolardagi elektr tarmoqlarining holati, xavfsizligi ham ko‘zdan kechirilib, mavjud kamchiliklar tuzatilmoqda. Bundan tashqari, ovoz berish binolari va ularga olib boradigan yo‘llarni tunda yoritish bo‘yicha ham mahalliy hokimliklar va obodonlashtirish bo‘limlari bilan hamkorlikda ishlayapmiz. Umuman, saylov arafasida va ovoz berish kuni saylov uchastkalarida elektr energiyasi uzluksizligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘ryapmiz. Bu borada muammo bo‘lmaydi.

  Majlisdan so‘ng ommaviy axborot vositalari vakillari uchun navbatdagi matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda okrug saylov komissiyasining shu paytgacha amalga oshirgan ishlari, ayni paytdagi faoliyati yuzasidan axborot berildi. Shuningdek, shu kunlarda davom etayotgan nomzodlarning saylovoldi tashviqotining borishi, bu borada ommaviy axborot vositalaridan foydalanishning holati haqida so‘z yuritildi.

  Matbuot anjumani davomida jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga komissiya a’zolaridan batafsil javob oldi.