Sazag‘on nimstansiyasiga qo‘shimcha 16 ming kVA quvvat qo‘shiladi
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali tomonidan viloyat va respublika OAV xodimlari uchun Nurobod tumani elektr tarmoqlari korxonasiga press-tur tashkil etildi.
Bugungi kunda Nurobod elektr tarmoqlari korxonasi tumanning 39 ta mahallasida istiqomat qiluvchi 162 mingdan ziyod aholini elektr energiya bilan ta’minlab keladi. 32440 ta iste’molchining 31 mingdan ziyodi aholi, 1385 tasi yuridik shaxslar bo‘lib, 28326 iste’molchiga ASKUE elektr hisoblagichlari o‘rnatilgan.
Press-turda tumanda elektr ta’minotini yanada yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar berildi. Jumladan, tumandagi Saroy mahallasida transformator va 47 ta temir- beton ustunlari va 3,6 kilometr elektr tarmoqlari, Girdiqo‘rg‘on mahallasida transformator punkti va 70 ta temir-beton ustunlari o‘rnatilib 4,5 kilometrga yaqin ochiq va yopiq kabellar tortildi.
Turli dastur va qarorlar asosida tuman bo‘yicha 354 dona beton-ustunlar, 10 ta transformator punkti o‘rnatilib, 21,2 kilometrdan ziyod havo elektr uzatish tarmoqlari tortildi. Shuningdek, 7 ta mahallaga qo‘shimcha 154 dona ustun qo‘yilib, 8,7 kilometr 0,4-6-10 kV elektr tarmoqlari yangilandi.
Press-tur ishtirokchilari Amir Temur mahallasida o‘rnatilgan yangi 250 kVAlik transformator punkti va beton-ustunlar o‘rnatish va yopiq kabellar tortish jarayoni hamda Sazag‘on mahallasi hududida joylashgan "Urgut" erkin iqtisodiy zonasiga qarashli 12 ta ishlab chiqarish korxonalarining elektr ta’minoti bilan yaqindan tanishdilar.
"Urgut" erkin iqtisodiy zonasida 16 ming kVA quvvatga ega nimstansiya qurilgan bo‘lib, u orqali hududdagi 12 ta ishlab chiqarish korxonasidan tashqari Sazag‘on, Tepaqul va Saroy mahallalarining 18 mingdan ziyod aholisini elektr energiyasi bilan ta’minlanmoqda, - deydi korxona bosh muhandisi Hamid Kenjayev. – Tadbirkorlar tomonidan yana o‘ndan ziyod korxona qurilmoqda. Shu sababli joriy yilda qo‘shimcha 16 ming kVAlik podstansiya qurishni rejalashtirganmiz. 3 kilometr yuqori elektr tarmoqlari ham tortilib, 100 dan ziyod temir-beton ustunlari o‘rnatiladi. Nimstansiyada kecha-kunduz navbatchilik va avariya brigadalari tashkil etilgan.
Kuz-qish mavsumida avariya holatlarini bartaraf etish uchun 7 ta tezkor brigada va tungi navbatchilik tashkil etilgan.
Dilmurod TO‘XTAYeV.