Senator mahalla kayvonilari bilan dildan suhbatlashdi
Oqdaryo tumanining Po‘latdarxon mahallasida Oliy Majlis Senati a’zosi Farmon Toshev hamda Samarqand viloyati “Xayrli niyat” yetim bolalar va yolg‘iz nogironlar xayriya jamiyati raisi Bahodir Abdullayev mahallaning obro‘-e’tiborli, ijtimoiy faol, boshqalarga ibrat bo‘ladigan, katta hayotiy tajribaga ega fuqarolari bilan dildan suhbatlashdi.
- O‘zini o‘zi boshqarishning noyob tizimi bo‘lgan bu idoraning nufuzi keyingi yillarda oshib bormoqda, – dedi F.Toshev. - Mahalla chinakam xalq vijdoniga aylanayotganiga barchamiz guvoh bo‘lyapmiz. Mahalla tizimini takomillatirish, uning huquq va vakolatlarini kengaytirish, moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash borasida ham ko‘plab ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Albatta, bu haqda so‘z yuritganimizda “Obod qishloq”, “Obod mahalla” va bir necha dasturlarning hayotga tadbiq etilayotgani natijasi o‘laroq, ularning samarasi bizni quvontirmoqda. Mahallalarni obod qilish, ularning infratuzilmasini yanada rivojlantirish borasidagi ishlar shahar va qishloqlarimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirib, xalqimiz turmush darajasi hamda madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Suhbat davomida Prezidentimizning 2023 yil 21 dekabrdagi “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori va uning mazmun-mohiyatiga ham to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, qaror bilan tasdiqlangan “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash borasida ayni jamoatchilik nazoratining muhimligi ta’kidlandi.
Eng muhimi, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish tizimi Konstitutsiyamizda va qonunlar bilan kafolatlanadigani, ularning o‘z manfaatlaridan, rivojlanishning tarixiy xususiyatlaridan, shuningdek milliy va ma’naviy qadriyatlardan, mahalliy urf-odatlar va an’analardan kelib chiqqan holda mahalliy ahamiyatga molik masalalarni hal qilish borasidagi mustaqil faoliyat yuritishi alohida aytib o‘tildi.
Fuqarolar shaharchalar, qishloqlar, ovullar va mahallalarda o‘zini-o‘zi boshqarishga doir o‘z konstitutsiyaviy huquqini fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlariga muvofiq fuqarolar yig‘inlari, ya’ni (vakillar yig‘ilishi) orqali amalga oshirishi ham aytildi.
Yig‘ilganlarning barcha savoliga F.Toshev qonun doirasida javob qaytardi.
Tadbir bahona mahalla kutubxonasiga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi tomonidan “Zarafshon” kutubxonasi turkumi ostida chop etilgan kitoblar jamlanmasi hamda viloyat “Xayrli niyat” yetim bolalar va yolg‘iz nogironlar xayriya jamiyatining tashakkurnomasi, sovg‘alari topshirildi.
Husan Eltoyev.