Senator uchrashuvlari: Samarqanddan Qo‘shrabotgacha
Oliy Majlis Senatining fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Bahrom Abdullayev viloyatimizda bo‘lib, mahalliy kengashlar deputatlari, “mahalla yettiligi” va aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Uchrashuvlarda Oliy Majlis Senatining yaqinda o‘tkazilgan uchinchi yalpi majlisida muhokama etilgan masalalar, ma’qullangan qonunlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi hamda davlatimiz rahbarining bu boradagi qarorlari ijrosi yuzasidan joylarda olib borilayotgan ishlar, bandlik dasturlarining ijrosi o‘rganildi.
Dastlab, Senat qo‘mita raisi xalq deputatlari viloyat Kengashi binosida deputatlar bilan muloqot qilib, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir dasturlar ijrosi yuzasidan deputatlik nazoratini amalga oshirish, kengashlarda rahbarlar hisobotlarini eshitishda deputlar faolligini kuchaytirish va aholi murojaatlari bilan ishlashni takomillashtirish zarurligini ta’kidladi. Depututlar yangicha asosda faoliyat olib borayotgan xalq deputatlari viloyat Kengashlari va Senat o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati, qonunlarni muhokama qilishda mahalliy kengashlarning ishtiroki kabi masalalar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib, senatorga bir qator takliflarini bayon qildilar.
Shundan so‘ng Bahrom Abdullayev xalq deputatlari Joyboy tumani kengashi faoliyati bilan tanishdi. Tumanda amalga oshirilayotgan islohotlar, davlat dasturlari ijrosi, aholi murojaatlari bilan ishlashda deputatlarning roli muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Tumandagi sanoat korxonalari, mahallalardagi uchrashuvlarda ham senator va mahalliy kengashlar deputatlari tadbirkor va ishchi-xodimlar, “mahalla yettiligi” bilan suhbatlashib, qabul qilingan yangi qonunlarning ahamiyati haqida tushuncha berdi, shuningdek, amaliyotda qonun hujjatlarining qay tartibda ishlayotganiga e’tibor qaratildi.
– Bugun aholining deputatlarga ishonchi oshgan, shu bilan birga deputatlar ham ancha faol ishlayapti, – deydi Jomboy tumanidagi Alisher Navoiy nomli mahalla raisi, xalq deputatlari tuman kengashi deputati Xurshida Qosimova. – Bu mahalliy Kengashlar vakolatlarining kengaygani va ijro hokimiyadan mustaqil holda faoliyat ko‘rsatayotgani bilan bog‘liq, albatta. Oliy Majlis Senati qo‘mita raisi ayni paytda mahalliy Kengashlar oldida turgan vazifalar, ijro hokimiyati organlari bilan munosabatlarda nimalarga e’tibor qaratishimiz zarurligini alohida ta’kidladi.
Samarqandga safari davomida Bahrom Abdullayev Oqdaryo va Qo‘shrabot tumanlarida ham rahbarlar, deputatlar va aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Mazkur hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar va yangi loyihalar bilan tanishdi.
Jumladan, Qo‘shrabot tumanida o‘tgan yil obod qilingan Shovona mahallasida “mahalla yettiligi” bilan uchrashib, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga e’tibor qaratildi. Yuqori Jo‘sh, Oqchobsoy mahallalaridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida yaratilgan shart-sharoit, Chimmos mahallasida yoshlarni kelajak kasblariga, dasturlash va chet tillariga o‘qitishga ixtisoslashgan 120 o‘rinli “IT VILLAGE” o‘quv markazi qurilishi jarayonlari kuzatildi. “Xonbandi” suv omborida sayyohlikni rivojlantirish maqsadida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar bilan tanishildi.
Senator bilan muloqotlarda joylarda mavjud muammolar va ularning yechimlari yuzasidan ham fikr almashildi, qonunlar yuzasidan takliflar bildirildi.