Sergey Lushan - «Dinamo» klubi bosh murabbiyi
Joriy yil 11 iyul kuni Samarqandning «Dinamo» jamoasi qarorgohida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda klubga yangi bosh murabbiy tayinlandi.
Viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Sh.Ro‘ziyev, klub rahbariyati va futbolchilar ishtirok etgan tadbirda jamoaning joriy mavsumdagi maqsad va vazifalari ochiqlanib, homiylar tomonidan klub oldiga Superligaga chiqish vazifasi qo‘yilganligi haqida ta’kidlandi.
Yig‘ilishda taniqli mutaxassis Sergey Lushan «Dinamo» klubi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Unga yordamchi murabbiy sifatida Muhitdin Ortiqov yordam beradigan bo‘ldi.
«Dinamo» PFK bosh direktori U.Qobilov klub homiylari hamda samarqandlik minglab muxlislar ishonchini oqlash uchun yangi bosh murabbiy bilan birga jamoa ravnaqi va Superligaga chiqishi uchun bor kuch va imkoniyatlar ishga solinishini ta’kidlab o‘tdi.
S.Lushan o‘zbek futbolining vakillari E.Shomurodov, S.Rashidov, O.Shukurov, D.Hamdamov, R.Ashurmatov, A.Komilov kabi bir qator nomlarning kashf etilishiga munosib hissa qo‘shgan murabbiy. 47 yoshli toshkentlik murabbiy futbolchilik faoliyatida «Ma’danchi» (Bekobod), «Okean» (Rossiya), «Krilya Sovetov» (Rossiya), «Rostelmash» (Rossiya), «Uralan» (Rossiya), «Metallurg» (Rossiya), «Yunit» (Rossiya), «Bunyodkor» (Toshkent) jamoalarida to‘p surgan. Ko‘p yillar O‘zbekiston milliy jamoasi sharafini himoya qilgan.
Shuningdek, «Bunyodkor» yoshlari, O‘zbekiston-19 - yoshlar jamoasi, «Bunyodkor» jamoalarini boshqargan. Oxirgi marta «Sug‘diyona» jamoasini maydonga olib tushgan edi. 2020 yil iyulidan esa «Dinamo» bosh murabbiyi bo‘lib faoliyat yuritadi.
U murabbiy sifatida «Bunyodkor» klubi bilan O‘zbekiston chempionati kumush medali sohibi (2016), kubok finalchisi (2017), Osiyo chempionlar ligasi ishtirokchisi bo‘lgan.
Dilshod O‘TAMURODOV.