Shahardagi o‘rindiqlarni “bezayotgan” yoshlar: Ular kimning farzandi?
Siz suratda ko‘rib turgan bu “esdaliklar”, yo‘g‘-e, o‘rindiqlar Samarqand shahrining Ko‘ksaroy maydonida joylashgan.
Ishga kelayotib, o‘rindiqlarning bittasi sinib yotganiga ko‘zim tushdi. Yangisiga almashtirilayotgan bo‘lsa kerak, degan o‘yda yaqinroq borib boshqa o‘rindiqlarga ham razm soldim. Afsuski, bunday emas.
Aksariyat o‘rindiqlar yoshlarning dil izhorlari-yu “esdaliklari”ga to‘lib ketibdi. Har xil bo‘yoqlar, qalam va ruchkalarda yozilgan so‘zlar, tirnab bitilgan telefon raqamlar, afsuski, yoshlarimizning aql tarozisini ko‘rsatib turibdi.
Buning ustiga maydonda chiqindilar har tomonga sochilib, archa shoxlariga turli matohlar ham ilib ketilgan. Nahotki, yoshlarimiz dam olish maskanlarida ham qorovul nazoratida yuradigan saviyada bo‘lsa? Achinib ketasan odam.
Aftidan, og‘riqli bo‘lsa-da hududda nazoratchi qo‘yilishi yoki kuzatuv kameralari o‘rnatilishi lozim. Toki shu ishlarni qilgan yoshlar uchun ota-onasi bir jarima to‘lab ko‘rib, tarbiya haqida ham o‘ylab ko‘rsin.
Fazliddin Ro‘ziboyev.