«Sherdor» Pro-liga safidan chiqarildi
O‘zbekiston professional futbol ligasining joriy yil 30 iyundagi qaroriga binoan Samarqandning “Sherdor” futbol klubi O‘zbekiston Professional futbol ligasi qatnashchilari safidan chiqarildi.
“Sherdor” futbol klubi 2018 yilda Pro-ligada ishtirok etishi uchun shartli ravishda qabul qilingan edi. Bunga klub rahbariyatining O‘zPFL tomonidan belgilangan talablarni bajarmayotgani, yillik badal va boshqa to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lamagani sabab bo‘ldi.
O‘zbekiston Professional futbol ligasining ishchi guruhi tomonidan klub faoliyati o‘rganilganida jamoada moliyaviy-hisob faoliyati to‘liq yuritilmasligi, 2020 yilgi xarajatlar smetasi tasdiqlangan bo‘lsa-da, moliyalashtirish manbalarining yo‘qligi aniqlangan.
Klubga joriy yilning 1 apreliga qadar vaziyatni o‘nglash uchun muddat berilgan hamda shartli ravishda Birinchi liga ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tishiga ruxsat berilgandi. Shunday bo‘lsa-da, ular ketma-ket kafolat xati yozish bilan cheklanib kelgan. Aslida esa klub avval qatnashchilik badalini to‘lab, so‘ng musobaqada ishtirok etishi kerak. O‘zPFL esa bu borada klublarga doim imkoniyat yaratib beradi. Ammo o‘tgan yillardan ham qarzdor bo‘lgan klublarning musobaqada davom etishi, musobaqalar o‘tkazish reglamentining buzilishi hisoblanadi.
Shuningdek, Navoiyning “Ittifoq Navoiy” futbol klubi ham Pro-liga safidan chiqarildi.
Dilshod O‘TAMURODOV.