Shri-Lanka prezidenti mamlakatni oilasi bilan tark etgani e’lon qilindi
Shri-Lanka prezidenti Gotabaya Rajapaksa rasman iste’foga chiqishidan biroz oldin mamlakatni oilasi bilan tark etdi, deb xabar bermoqda CNN yuqori martabali xavfsizlik xodimiga tayanib.
Rasmiyga ko‘ra, Rajapaksa rafiqasi bilan Male shahriga (Maldiv orollari) Shri-Lanka harbiy-havo kuchlarining harbiy-transport samolyotida uchgan.
Mahalliy havo harakatini boshqaruv xizmati esa dastlab Shri-Lanka prezidenti samolyotining qo‘nish haqidagi iltimosini rad etgan. Faqat Maldiv orollari xalq majlisi spikeri va sobiq prezident Muhammad Nashid aralashuvidan so‘nggina qo‘nishga ruxsat etilgan.
Xabar qilinganidek, o‘tgan hafta oxirida Shri-Lankada prezident va bosh vazir iste’fosi talab qilingan keng ko‘lamli norozilik namoyishlari boshlandi. Namoyishchilar prezident qarorgohiga bostirib kirib, u yerda pogrom qilishdi.
Rajapaksa shu hafta rasman iste’foga chiqishi, parlament a’zolari esa 20 iyul kuni yangi prezident saylashi kerak.
Shri-Lankada namoyishlar bir necha oydan beri davom etmoqda. So‘nggi kunlarda ular yirik tartibsizlik va o‘t qo‘yishlar bilan davom etdi. Yong‘in oqibatida sakkiz kishi halok bo‘lib, 200 dan ortiq kishi jarohatlangan, 60 ta avtomobil va 100 dan ortiq bino vayron bo‘ldi.
Mamlakat 1948 yilda Buyuk Britaniyadan mustaqillikka erishganidan buyon eng jiddiy iqtisodiy inqirozni boshdan kechirmoqda.