Norozilik namoyishlaridan so‘ng Isroilda sud-huquq islohoti to‘xtatib qo‘yilishi aytilmoqda

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu jamiyatda bo‘linish va butun mamlakat bo‘ylab noroziliklarga sabab bo‘lgan sud-huquq islohotini to‘xtatishga chaqirgan mudofaa vaziri Yoava Gallantni ishdan bo‘shatgach, minglab namoyishchilar politsiya qarshiligini yorib o‘tib, Netanyaxuning Quddusdagi qarorgohiga kirishgan, deb yozadi Jerusalem Post.

Bir kun oldin mudofaa vaziri televideniye orqali xalqqa murojaat qilib, unda sud-huquq islohotlarining davlat xavfsizligiga ta’siridan xavotir bildirgan, chunki ko‘plab harbiylar norozilik sifatida armiyada xizmat qilishdan bosh tortgan. Bunday xizmatchilar orasida elita bo‘linmalari va havo kuchlari uchuvchilari ham bor.

Mudofaa vaziri Galant hukumatni sud-huquq islohotini to‘xtatishga chaqirgan birinchi asosiy vazir bo‘ldi. Har ikki vazirning bayonotlarini esa jamiyatdagi keskin norozilik kayfiyatiga qarshi hukmron koalitsiya ichidagi bo‘linish boshlanishi sifatida baholash mumkin.

Avvalroq Isroilda sud-huquq islohotlariga qarshi norozilik harakati tashkilotchilari butun mamlakat bo‘ylab keng ko‘lamli norozilik namoyishlarini nazarda tutuvchi “falaj haftasi”ni e’lon qilgan edi. Isroilliklar ketma-ket o‘n ikkinchi haftadirki, sud-huquq islohotlariga norozilik bildirishmoqda. Shanba oqshomiga kelib, Tel-Avivdagi namoyishlarga qo‘shilganlar soni 200 mingga yetgan.

Netanyahu hukumati tomonidan taklif etilgan qonunlar to‘plami Oliy sud vakolatlarini sezilarli darajada cheklab, hukumatga sudyalarni tayinlash ustidan nazoratni beradi. Shuningdek, Isroilning Nyu-Yorkdagi bosh konsuli ham endi amaldagi hukumatni vakil qila olmasligi sababli iste’foga chiqishini ma’lum qilgan, deyiladi RIA novostida.

Bugun esa Isroil prezidenti Itsxak Gersog ham hukumatni butun mamlakat bo‘ylab noroziliklarga sabab bo‘lgan sud-huquq islohotini qabul qilishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirmoqda.