Shukr qilishda baraka bor
Shukronalik haqida gap ketsa, Jaloliddin Rumiyning bir gapi esimga tushdi: "Shukr qilmoq - ne’matlar siynasini sog‘moqlikdir".
Haqiqatan ham shunday. Hech kuzatganmisiz: Shukr qiladigan insonlarning ro‘zg‘origa doim baraka yog‘iladi. Noshukrlarning esa tilla baliqdan tilanib olgan tog‘orasi ham teshik bo‘lib chiqadi.
Rost, shukrda, shukronalikda gap ko‘p. Men ham xizmat vazifam yuzasidan doim el orasida yuraman. Yurtdoshlarimizning shukronalik so‘zlarini ko‘p eshitaman. Nafaqat shukronalik so‘zlarini aytgan odamlarning, balki shu ezgu duolarni eshitganlarning ham ishi yurishadi, omadi chopadi, baxti butun va ro‘zg‘ori barakotli bo‘ladi.
Aytmoqchimanki, oramizda ba’zi kimsalar yurtimizdagi tinchlik, xotirjamlikdan nolib, boshqa mamlakatlardagi turmushni orzu qiladi. Chet elda yashaydigan shunday kishilarni bilaman: davlati o‘zidan ortarli darajada, ammo halovati yo‘q. Chunki atrofda urush. Ana endi ayting, uning qancha mulki, uy-joy, boyligi bo‘lsin, bunday behalovat joyda unga tatiydimi? Axir, bir burda nonni halovat, beminnat yeyishning qadri qanchalar ulug‘. Buni to‘g‘ri tushunaylik, anglaylik. Shukr, bir burda non yeb yurgan joyimiz emas. Hammamizda uy-joy, qo‘y-qo‘zi, qoramol, 10-15 sotix tomorqa, garajimizda mashina bor. Farzandlarimiz o‘qish-ish bilan ovora, hamma joyda osoyishtalik. Bundan faqat shukr qilaylik!
Bahriddin Sattorov,
mehnat faxriysi.