Sobiq xodimiga mehnat daftarchasini bermagan MChJ 26 milliondan ko‘proq ish haqi va ma’naviy zararni to‘ladi
Ilhom (ism o‘zgartirilgan) o‘rta-maxsus ma’lumotli bo‘lganidan so‘ng jamiyatda o‘z o‘rnini topish va oilasini ta’minlash uchun 2016 yil yanvardan mas’uliyati cheklangan jamiyatida savdo vakili sifatida ish boshlaydi. U bu yerda 2018 yilning mayiga qadar ishlaydi.
U bilan mehnat sharnomasini bekor qilishgan bo‘lsa-da, Ilhomning mehnat daftarchasi va mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi buyruq nusxasi bermaydi. Mehnat daftarchasini berishni direktordan bir necha bor so‘rashi naf bermaydi. Direktor har doim turli bahonalar bilan bu ishni paysalga solib keladi. Shundan keyin 2019 yil iyulda Ilhomning yozma xatidan so‘ng avgust oyida buyruq nusxasi va mehnat daftarchasini qaytarib berishadi.
Ilhom mehnat daftarchasi bo‘lmaganligi uchun shuncha vaqt buyon ishga joylashmasdan sarson bo‘lib yuradi. Oqibatda ma’naviy azob chekib, buzilgan haq-huquqlarini tiklash uchun sudga da’vo ariza qo‘zg‘atdi. Arizasida MChJdan mehnat daftarchasini berish kechikkan davri uchun o‘rtacha oylik ish haqi va ma’naviy zarar undirishni so‘raydi.
Ish holatlariga ko‘ra, ish beruvchi MChJ tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi 2018 yil 1 maydagi buyruq nusxasiga Ilhom mehnat daftarchasini olgan vaqt - 2019 yil 1 avgustda imzo qo‘ygan. Ushbu holat MChJ vakili tomonidan sud majlisida inkor qilinmaydi.
Apellyasiya instansiya sudi ajrimi bilan taraflar o‘rtasida mehnat munosabatlari 2018 yil 1 mayda tugatilgan bo‘lsa-da, biroq ish beruvchi tomonidan Ilhomga mehnat daftarchasi 2019 yil 1 avgustga qadar berilmasdan mehnat qonunchiligi talablari buzilganligiga huquqiy baho berilib, javobgar MChJdan da’vogar foydasiga 26 247 270 so‘m miqdorda ish haqi va 1 749 818 so‘m ma’naviy zarar undirilish belgilandi.
Ushbu sud ajrimi hozirda to‘liq ijro etilib, Ilhomga ish haqi va ma’naviy zarar undirib berilgan.
Gulru ESANOVA,
fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi sudyasi.