MChJ xodimlarining Samarqand shahri Rudakiy ko‘chasidagi daraxtlarda “alami bor”midi?

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi Rudakiy ko‘chasida, tunda yo‘l chetidagi daraxtlarni kesib ketishayotganligi aks etgan videolavha e’lon qilindi.

Mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasining nazorat inspektorlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borildi.

Aniqlanishicha, 2020 yil 13 iyun kuni yarim tunda shaharning Rudakiy ko‘chasida xatlovga olingan bir tup archa va bir tup tut daraxti kesib ketilgan.

Nazorat inspektorlari tomonidan olib borilgan surishtiruv natijasida qonunbuzar - “MESE YOL” MChJ xodimi Q.R.ga nisbatan O‘zR MJtKning 79-moddasiga asosan 1115000 (bir million bir yuz o‘n besh ming) so‘m jarima qo‘llash hamda tabiatga yetkazilgan 11484500 (o‘n bir million to‘rt yuz sakson to‘rt ming besh yuz) so‘mlik zarar aniqlanib, dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

Shunga qaramasdan, 14 iyundan 15 iyunga o‘tar kechasi “MESE YOL” MChJning yana bir xodimi H.T. tomonidan xuddi shu joyda bir tup chinor daraxti noqonuniy tarzda kesib ketilgan. H.T.ga nisbatan tabiatga yetkazgan zarari va kesilgan chinor daraxtining zarari qoplanib, o‘rniga 10 tup qimmatbaho navli daraxt ekish va parvarish qilish vazifasi yuklatilgan.

Ammo shundan keyin ham qonunbuzarlar xulosa qilish o‘rniga 2020 yil 16 iyun kuni “MESE YOL” MChJ ish yurituvchisi E.Sh. tomonidan mazkur ko‘chada joylashgan bir tup chinor hamda tut daraxtini kesib ketishganligi oshkor bo‘ldi.

Qonunni mensimagan E.Sh.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 79-moddasiga asosan, 1115000 (bir million bir yuz o‘n besh ming) so‘m jarima hamda tabiatga yetkazilgan zarar uchun 18174500 (o‘n sakkiz million bir yuz yetmish to‘rt ming besh yuz) so‘mlik dalolatnoma rasmiylashtirildi.

Samarqand viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati.