Rudakiy va Gagarin ko‘chalari chorrahasidagi tunnel qachon bitadi?

Samarqand shahri yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish maqsadida Abu Dabi taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Mirzo Ulug‘bek va Gagarin hamda Rudakiy va Gagarin ko‘chalari chorrahasida ikkita tunnel va piyodalar uchun yer osti o‘tish yo‘llari qurilishi rejalashtirilib, shu paytgacha bitta yo‘l o‘tkazgichda ishlar yakunlandi.
Ikkinchi – Rudakiy va Gagarin ko‘chalari chorrahasidagi ob’yektda esa bu jarayon davom etmoqda.
Bu tunnelning umumiy uzunligi 500 metr bo‘lib, 60 metri yer ostidan o‘tadi, - deydi “Me’mor O‘tkir Chovka” MChJ mutaxassisi Azim Bekmirzayev. – Yo‘lning kengligi 17 metrni tashkil etadi va transport vositalarining ikki tomonlama harakati uchun to‘rt qatorli bo‘ladi. Ayni paytda loyiha bo‘yicha temir-beton quyish, qoziq ustunlar o‘rnatish va tuproq tashish ishlarini bajaryapmiz. Hozirgacha jami 737 ta qoziqdan 432 tasi o‘rnatib bo‘lindi.
Qurilish hududida 20 ta maxsus va yuk mashinasi, 40 nafardan ziyod quruvchi-mutaxassislar tunu kun ishlamoqda. Kuniga 100 metrdan ziyod hudud betonlashtirilyapti. Ming metr uzunlikdagi elektr energiyasi, tabiiy gaz hamda ichimlik suv tarmoqlari xavfsiz joyga ko‘chirildi. Shuningdek, kanalizatsiya hamda internet aloqa tarmoqlarining ham joyi o‘zgartirildi.
Rudakiy ko‘chasidagi 2 ta yer osti piyodalar yo‘lini Turkiyaning “Gurkal” qurilish korxonasi ishchilari bunyod etmoqda.
- Yangi qurilajak yer osti yo‘laklarida piyodalar uchun barcha qulayliklar yaratiladi, - deydi korxona ish boshqaruvchisi Eraj Vosezoda. – Jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun pandus, maxsus lift o‘rnatiladi.
Qurilish jarayonida yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan birga Rossiya, Turkiya, Xitoydan olib kelingan armatura, temir konstruksiya va bezak uchun ishlatiladigan qurilish materiallaridan foydalanilmoqda.
Shuningdek, quruvchilar Gagarin ko‘chasidan Qorasuv massiviga borishda temiryo‘l ustida qurilgan ko‘prikni kengaytirish ishlarini ham olib bormoqda. Hozirda mazkur hududdda ayrim ob’yektlarni boshqa joyga ko‘chirishga zarurat bo‘lganligi sababli ishlar vaqtincha to‘xtab qolgan.
Qurilish ma’sullarining aytishicha, Gagarin va Rudakiy ko‘chalari chorrahasidagi tunnel 2026 yilda foydalanishga topshiriladi.
Dilmurod To‘xtayev,
Baxtiyor Mustanov (surat).