«Tuya go‘shti yegan» ko‘cha qachon foydalanishga topshiriladi?
Samarqand shahri Rudakiy ko‘chasining Beruniy va Gagarin ko‘chalari orasidagi 900 metr masofani ta’mirlash ishlari boshlanganiga 2 oydan oshgan bo‘lsa-da, yo‘lni foydalanishga topshirish ortga surib kelinmoqda.
Xo‘sh, bu kechikishga nima sabab bo‘lyapti? Nima uchun buyurtmachi, bosh pudratchi va qurilish tashkilotlari va’dasining ustidan chiqolmayapti?
Buyurtmachi «Samarqand mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati» DUK tomonidan tayyorlangan loyihalarga asosan bosh pudratchi M.Sener rahbarligidagi “Mese yol” MChJning 100 nafardan ziyod yo‘lsozlari, 20 dan ortiq texnikalari bilan ko‘chaning qariyb bir kilometr qismini to‘liq ta’mirlab foydalanishga topshirishlari lozim. Eniga 24 metr, 6 polosali yo‘l jahon standartlari talablariga javob berishi kerak. Ayni paytda ular yo‘lning 800 metr qismini tosh-shag‘al bilan bostirib, tekislash ishlarini olib borishmoqda.
- Belgilangan masofaga tosh bostirish ishlari 22 iyulgacha davom etadi, - deydi mazkur korxona ish boshqaruvchisi Shuhrat Eshonqulov. – Oldinda yanada murakkab ishlar turibdi. Jumladan, pudratchilarimiz tomonidan piyodalar yo‘lagi, beton ariqlar yotqizish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish yumushlari, shuningdek, tramvay yo‘lini tortish ishlarini 15 avgustgacha yakunlaymiz.
Ko‘chaning qurilish-ta’mirlash ishlari nima uchun loyihada ko‘rsatilgan muddatda amalga oshirilmaganligi sababi bilan qiziqdik. Loyiha bo‘yicha kommunikatsiya tarmoqlari tortish ishlari 25 mayda yakunlanishi kerak edi. Ammo bu muddatdan bir oy o‘tsa hamki, tizim ishga tushgani yo‘q.
- Ishlarning o‘z muddatida yakunlanmaganligiga ichimlik suvi va oqava, elektr, tabiiy gaz, aloqa tarmoqlari kabi kommunikatsiya tizimlari o‘rnatilishiga mas’ul korxona va tashkilotlarning o‘z ishlariga sovuqqonlik bilan qaraganligi sabab bo‘ldi, - deydi buyurtmachi «Samarqand mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati» DUK bosh muhandisi Suhrob Mardonov. - Jumladan, ko‘chadagi ichimlik suvi va suvoqava tizimlari viloyat suv ta’minoti va oqava suv ob’yektlari bo‘yicha injiniring kompaniyasi davlat unitar korxonasi Janubiy mintaqalar filiali tomonidan amalga oshirilishi kerak edi. Ammo ular kanalizatsiya tarmoqlarini ishga tushirishni kechiktiryapti.
- Ayni paytda ichimlik suvi, oqava tarmoqlari to‘liq yangilandi, - deydi Shuhrat Eshonqulov. - Tez orada sinov ishlari amalga oshirilgach, ishga tushiriladi.
Turli sabablar bilan qurilish ishlarining ortga surilib ketishi aholining ham noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
- Ko‘p qavatli uylardan birida savdo do‘konim bor. Ammo yo‘ldagi ta’mirlash cho‘zilib ketganligi bois savdo yaxshi bo‘lmayapti, - deydi o‘zini tanishtirishni istamagan tadbirkorlardan biri. - Qattiq shovqin va chang-to‘zonlar tufayli xaridorlar ham kirmay qo‘yishdi. Ishlarni 15 iyungacha tugatamiz, deb va’da berishgan edi. Ammo hali beri tugamaydiganga o‘xshaydi.
- Ko‘chamizdagi ta’mirlash ishlari tuya go‘shti yegan ekanmi, rosa cho‘zilib ketdi, - deydi 70 yoshli Nazira Boltayeva. – Uch oydirki, katta-katta texnikalarning harakatidan uylarimiz titrab ketadi, hamma joy o‘ydim-chuqur, sal shamol tursa, chang-to‘zon ko‘tariladi. Avtobus yo‘q-ku, hatto taksi chaqirsangiz ham yo‘lingiz yomon, deb kelmaydi.
Rudakiy ko‘chasidagi qurilish-ta’mirlash ishlari cho‘zilib ketishiga nima sabab bo‘lmoqda? Bu qurilish tashkilotlarining o‘z vazifalariga sovuqqonligimi yoki ta’minotchi tashkilotlarning? O‘z vaqtida bajarilmagan ishlarni qaysi idora nazorat qiladi?
Dilmurod TO‘XTAYeV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).