Rudakiy ko‘chasi zamonaviy qiyofaga kiradi va yil yakuniga qadar ishga tushiriladi
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrining Rudakiy ko‘chasidagi qurilish ishlari cho‘zilib ketayotgani haqida ko‘plab xabarlar tarqalmoqda. Bu esa jamoatchilik o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘lyapti.
Mazkur ko‘cha haqida shuni ma’lum qilamizki, ko‘chada qurilish ishlarining uzayib ketishiga sabab u yerda keng ko‘lamli obodonlashtirish-bunyodkorlik ishlarining olib borilayotganidir. Shuningdek, kommunikatsiya tizimini yangilab, yangi oqova suv tarmog‘i va ichimlik suvi tarmog‘i o‘tkazilmoqda. Bu ko‘chani joriy yil yakuniga qadar zamonaviy ko‘chalardan biriga aylantirish rejalashtirilgan. Bu haqda Samarqand shahar hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Ayni paytda Rudakiy ko‘chasining Gagarin chorrahasigacha bo‘lgan qismida ish qizg‘in davom etyapti va soha mutaxassislarining aytishicha 1 bosqich ta’mirlash ishlarini mustaqillik kunlarigacha yakuniga yetkazish maqsad qilingan. 2 bosqich qurilish ishlarini Gagarin chorrahasidan Bo‘stonsaroy chorrahasigacha to‘liq ta’mirlash va joriy yil yakuniga qadar ishga tushirish ko‘zda tutilgan.