Zarnews.uz‘ga javob beradilar: Rudakiy ko‘chasida quvur tortish ishlari shu oy oxirigacha yakunlanadi
Aslida ushbu maqolani yozishdan maqsad Samarqanddagi uzoq yildan beri bir necha marta kavlanib, yana shuncha marta yamalayotgan Rudakiy ko‘chasidagi holatni jamoatchilikka ko‘rsatish edi. Qolaversa, ayni paytda ham ushbu ko‘chada qanday ishlar bajarilayotgani haqida havola orqali o‘quvchini ogohlantirib qo‘ygandik. Niyatimiz, ushbu quvur tortish va uni doimiy ravishda tuzatish ishlari hech bo‘lmaganda yaqin besh yillarga qadar shu bilan tugar, degan ilinj edi. Ammo shunday bo‘lsa-da, “149-mexanizatsiyalashgan kolonna” MChJ maqolaga nisbatan munosabat bildiribdi.
“Zarnews.uz saytida Rudakiy ko‘chasidagi holat yuzasidan berilgan “Rudakiy ko‘chasi: kecha va bugun” nomli maqola bo‘yicha shuni ma’lum qilamizki, haqiqatan ham ko‘chaning Bo‘stansaroy ko‘chasi bilan kesishmasida yer osti o‘tish yo‘li qurilishi ishlari olib borilayotganligi bois bu yerdagi suv va kanalizatsiya tarmoqlari almashtirilmoqda. Bu ishlar “149-mexanizatsiyalashgan kolonna” MChJ tomonidan amalga oshirilmoqda. Bu yerda 1700 metr suv, 1800 metr kanalizatsiya tarmoqlari o‘tkazilmoqda. Ayni paytda quvurlar yotqizilgan, suv bilan ulanish ishlari olib borilayapti.
Shu oyning oxiriga qadar ishlarni nihoyasiga yetkazish rejalashtirilgan”.