Rudakiy ko‘chasi Samarqand shahrining eng katta ko‘chalaridan  biri bo‘ladi

Samarqand shahridagi Rudakiy ko‘chasida  yo‘llarni rekonstruksiya qilish ishlari davom etmoqda.

Avval ikki tomonlama ikki qatorli mazkur yo‘l bugun butunlay yangicha qiyofa kasb etib, transport uchun 24 metr kenglikda ikki tomonlama uch qatorli yo‘l, 7 metr tramvay yo‘li, 2 metr velosiped va 7 metr piyodalar yo‘lagi bunyod etilmoqda. 3 metr yashil maydonda 1800 dan ortiq turli manzarali gullar, yo‘lning ikki tomoniga Yevropadan keltirilgan Yasin daraxt ko‘chatlari ekilmoqda.

Qurilish ishlari Turkiyaning “Mese yo‘l” yo‘l qurilish korxonasi tomonidan zamonaviy talablar asosida bajarilmoqda. Jahon tajribasida yo‘llardan foydalanishning o‘ziga xos talablari mavjud va unda yo‘lning sifatliligi hamda ravonligiga alohida e’tibor beriladi. Mazkur yo‘l qurilishi ham jahon andazasidagi talablarga rioya etilgan holda bajarilmoqda. 

- Rekonstruksiya qilinayotgan qariyb 1 kilometrlik yo‘l qurilishi uchun respublika byudjetidan 13,5 milliard so‘m mablag‘ ajratildi va hozirgacha 90 foiz asfaltlash ishlari bajarildi, - deydi "Samarqand mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati" davlat unitar korxonasi bosh mutaxassisi Eldor Bekmurodov. - Ishni o‘z vaqtida yakunlashimiz uchun yo‘ldagi kanalizatsiya tarmoqlari qurilishida sustkashlik biroz xalal bermoqda. Mazkur qurilishlar bitkazilgach, qisqa muddatda asfaltlash ishlari yakuniga yetkaziladi.

Qurilish ishlari yakunlanishi bilan shahardagi transport qatnovi izga tushadi, tirbandlikning oldi olinadi, qolaversa shahar ko‘chalari yangicha qiyofa kasb etadi.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.