Gagarin ko‘chasidagi yer qazish ishlarini tezda bartaraf etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma berildi

Kecha, 23 noyabr kuni Zarnews.uz telegram kanalida Samarqand shahrining Gagarin ko‘chasida yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uyga kommunikatsiya tarmog‘ini o‘tkazish uchun ko‘cha kovlanganligi, yo‘lni kovlaganlar uni yana avvalgi holiga keltirib qo‘yishni unutishganligi xususida murojaat e’lon qilindi.

Samarqand shahar hokimligi obodonlashtirish boshqarmasidan ma’lum qilinishicha:

“Shahar ichki yo‘llarida yer qazish ishlarini tashkil etish uchun tegishli farmoyish, texnik shartlar hamda yer qazish ishlarini amalga oshirish ruxsatnomasi talab etiladi.

Xabarda ko‘rsatilgan manzil Ozod Sharq ko‘chasining 1-yo‘lagida qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joylarga ichimlik suvi va oqova suv quvuriga ulanish ishlari “Samira Binokor” MChJ tomonidan tegishli farmoyish, texnik shartlar hamda yer qazish ishlarini amalga oshirish ruxsatnomasi asosida tashkil etilgan.

Boshqarma mutaxassislari tomonidan “Samira Binokor” MChJ rahbari T.Murtazoyevga ushbu yer qazish ishlari haydovchilar hamda piyodalarga noqulaylik tug‘dirayotganligi sababli yer qazish ishlarini tez fursatda bartaraf etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Shu o‘rinda, shahrimiz aholisidan ko‘chalarda yer qazish ishlariga guvoh bo‘lishsa, obodonlashtirish boshqarmasi texnik nazoratchisi Muhiddin Karimovga (98 273 23 21) murojaat etishlarini so‘raymiz. O‘z vaqtida qilingan murojaat yer qazish ishlarining qonuniyligini ta’minlaydi”.