Soliq qonunchiligidagi takomillashuv tizimda korrupsiyaning yo‘qolishini ta’minlayapti
Viloyat soliq boshqarmasida 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni munosabati bilan “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda ishtirok etgan tadbirkorlar, OAV vakillari, yosh soliqchilarning ota-onalari idorada ishchi-xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Soliqchilar bilan suhbatda ularning ish tartibi, maoshi va jamoaviy muhit masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
- Soliq idoralari xodimlari boshqa davlat idoralariga qaraganda ko‘proq maosh oladi, - deydi viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari F.Imomov. – Shuningdek, ular belgilangan tartibda rag‘batlantirib ham boriladi. Xodimlarimizni korrupsiyaga yetaklovchi barcha omillar yo‘qotilgan. Endigi vazifamiz kadrlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish, yosh xodimlarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat shakllantirishdir.
— Bilib-bilmay qo‘yilgan noto‘g‘ri qadam yosh xodimlarning taqdirini ostin-ustun qilib yuborishi mumkin, - deydi boshqarmaning shaxsiy xavfsizlik bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari O.Iskandarov. – Bulung‘ur tumanida shunday holat bo‘ldi. Yangi ishga olingan xodim oxirini o‘ylamay, korrupsiyaga qo‘l urdi va belgilangan javobgarlikka tortildi. Holbuki, uning oilasida otasi yo‘q, o‘zi yagona boquvchi bo‘lgan. Bu kabi tadbirga ota-onalarni ham jalb qilishimizning sababi shunda. Korrupsiyadan nafaqat unga qo‘l urgan soliqchilar, balki ularning ota-onalari, yaqinlari ham jabr ko‘radi. Muammoga qarshi birgalikda kurashishimiz kerak.
Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.